7 may kuni O‘zbekistondagi ilk Ilmiy loyihalar akseleratori — C.A.T. Science Accelerator finali bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Innovatsion rivojlanish huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulovaning ma’lum qilishicha, markazda yuqori texnologiyali kichik kompaniyalar uchun mavjud infratuzilma, xonalar, laboratoriyalar va asbob-uskunalarni imtiyozli shartlarda taqdim etgan holda Innovatsion startap-akselerator va startap-inkubator tashkil qilindi. 2018 yilning sentyabr oyida akselerator o‘z ishini boshladi. Unga 130 ta ariza tushib, ulardan 28 ta loyiha tanlab olindi. Akselerator ishining olti oyi davomida finalgacha 17 ta jamoa qoldi.

Finalga qadar yetib kelgan loyihalar:

  • SolSys — avtonom quyosh suv ta’minoti;
  • UzAdditive — moylash materiallari uchun prisadka ishlab chiqarish;
  • Pektin — mahalliy xomashyodan pektin ishlab chiqarish;
  • SNP (silver nanoparticles) — kumush nanozarrachalarini qo‘shgan holda upa ishlab chiqarish;
  • The MeT — sun’iy aqlni qo‘llagan holda biznes uchun integrallashgan metodologiya;
  • SilkMedSeam — ipakdan steril tikuv materiallari ishlab chiqarish;
  • U-test — glyukoza miqdorini monitoring qilish uchun test tasmalari;
  • Dental Paper — mahalliy xomashyodan stomatologlar uchun artikulyatsion qog‘oz ishlab chiqarish;
  • N E F (New Ecological Feed) — o‘simlik xomashyosidan yemlarning yangi retsepturasini ishlab chiqish;
  • LiPach (Liquid Patch) — suyuq plastir ishlab chiqarish;
  • Xumo Casting Technologies — zargarlar uchun quyish moslamasi;
  • MicroSpace — chumoli fermalari va boshqa entomologik o‘quv qo‘llanmalarini ishlab chiqarish;
  • S.O.C. (Stop oral cancer) — og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasining onkologik kasalliklarini erta tashxislash;
  • Geoberry — geologiya-geofizika asbob-uskunalarini ishlab chiqarish;
  • H.pylori PCR test — PSR usulida Helicobacter pylori bakteriyasini aniqlash texnologiyasi;
  • Second breath (Surfaktant) — o‘pka surfaktanti tahlili asosida o‘pka kasalliklarini ekspress-tashxislash.

Akseleratorning barcha ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi, loyihalarini eng yaxshi taqdim etgan 3 ta jamoa esa esdalik sovg‘alarini oldi. Jamoalarning biznes-rejalari Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov komissiyasi tomonidan alohida baholanadi va moliyalashtirishga tavsiya etiladi.

«Bugungi kunda mamlakatimizda samarali startap-ekotizimini yaratish juda muhim bo‘lib, uning rivojlanishida akselerator va inkubatorlar, shuningdek venchur fondlar muhim o‘rin tutadi, — dedi innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov. — Shu vaqtga qadar startaplarning aksariyati IT sohasi bilan bog‘liq bo‘lib, ilmiy yo‘nalishdagi mutaxassis va yosh jamoalar bir chetda qolib ketayotgan edi. Negaki, ularning loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zamonaviy laboratoriyalar kerak, zarur materiallar ham ancha mablag‘ni talab etadi».

Akselerator direktori Vladimir Soyning ta’kidlashicha, akselerator faoliyati davomida jamoalar turli seminar va treninglarda ishtirok etib, biznes asoslari, soliqqa tortish tizimi, biznes-rejalashtirish, korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli, investorlar oldida chiqish uchun prezentatsiya tuzish asoslari kabi mavzularda malakalarini oshirishdi.

Jamoalarning chiqishlarini DEKOS kompaniyasi direktori Xasan Mamasaidov, innovatsion rivojlanish vazirligining xalqaro maslahatchilari Yerbol Suleymenov va Jamshid Avloni, GroundZero kovorking direktori o‘rinbosari Zuhra Abdurahmonova, Savdo-sanoat palatasi bo‘lim boshlig‘i Usmon Rahimjonov, VRonica kompaniya vakili Akmal Solixov, «Yashnobod innovatsion texnoparki» DUK direktori Farhod Jumayev, Nazarbayev Universityning Biznes-inkubator direktori Bolat Sultangazin baholadi.