8 may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Gruziyaning yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Zurab Abdushelishvilini qabul qildi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Ishonch yorliqlari nusxasini olar ekan vazir elchini faoliyati boshlangani bilan tabrikladi va muvaffaqiyat tiladi.

Muloqot chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi O‘zbekiston-Gruziya munosabatlarining holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan ikki tomonlama savdoni oshirish hamda yetkazib beriladigan tovar va xizmatlar nomenklaturasini kengaytirish hisobidan aloqalarni mushtahkamlashga ikki tomon ham qiziqish bildirdi.

16 iyuldan «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan Toshkent-Tbilisi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga va turizm sohasidagi samarali hamkorlikni rivojlantirishga imkon berishi ta’kidlandi.