Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi joylashtirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining telegram kanali orqali xabar berildi.

Hujjat bilan O‘zR Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «O‘zkimyosanoat» AJ, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Sirdaryo viloyati hokimligining Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida TKTIning Yangiyer filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Qaror loyihasida filialning asosiy vazifalari etib kimyoviy texnologiyalarning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, korxonalarning muammolarini yechishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlarni faol rivojlantirish va boshqalar belgilangan.

Loyihaga ko‘ra, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialiga 2019/2020 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 175 ta qabul kvotasi ajratilgan:

5320400, Kimyoviy texnologiya (noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi) — 25;

5320400, Kimyoviy texnologiya (asosiy organik sintez texnologiyasi) — 25;

5320400, Kimyoviy texnologiya (qurilish materiallar texnologiyasi) — 25;

5320300, Texnologik mashina va jihozlar (kimyo sanoati) — 25;

5311000, Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqaruv (tarmoqlar bo‘yicha) — 25;

5321000, Oziq-ovqat texnologiyasi (go‘sht-sut va konserva mahsulotlari) — 25;

5321000, Oziq-ovqat texnologiyasi (non, makaron va qandolat mahsulotlari) — 25.

Hujjatda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab filial uchun respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha maqsadli qabul kvotalari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, filialni yuqori malakali, ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar bilan ta’minlash maqsadida tayanch doktoranturaga filial uchun 2020 yildan boshlab belgilangan tartibda kvotalar ajratilishini ta’minlash belgilangan.