Bojxonachilar tomonidan uyali telefonlarni O‘zbekistonga noqonuniy olib kirish holatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan, aeroport avtoturargohida «Dehli-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan yo‘lovchilardan telefonlarni yig‘ib olayotgan fuqaro T.A. ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida Dehli aeroportida umumiy qiymati 39 million so‘mlik 26 dona «Redmi 6 Pro» uyali aloqa vositalarini Toshkent aeroportida yig‘ib olish iltimosi bilan tarqatib, mamlakatimizga noqonuniy ravishda olib kirmoqchi bo‘lganligi aniqlandi. Ammo uning bu rejasi amalga oshmadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.