Buxoro viloyatida Isroilning Watergen kompaniyasining havodan ichimlik suvini ajratib oluvchi qurilmasi sinovdan o‘tkaziladi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati. Atmosfera generatori kuniga 900 litr ichimlik suvini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Juma kuni Watergen kompaniyasi vitse-prezidenti Mixail Rutman va O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi muzokaralari vaqtida qurilmani sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar O‘zbekistonda Watergen ishlab chiqarish liniyasini ochish imkoniyatlarini muhokama qildi. Mixail Rutman 12−16 may kunlari generator sinov davrini rasmiy ishga tushirish uchun mamlakatga tashrif buyuradi.

Ishlab chiqaruvchi saytida qayd etilishicha, qurilma tashqi atmosfera sharoitlariga — sutka vaqti, mavsum, geografik joylashuvga mos ravishda suv ishlab chiqarishni optimallashtiradi. Ko‘p to‘siqli filtrlar natijasida havo sifatidan qat’i nazar suv sifati ta’minlanadi.