Bojxona xodimlari tomonidan naqd xorijiy valyutalarni bojxona chegaralaridan yashirincha olib o‘tishga urinish holatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi «Madaniyat» chegara bojxona posti orqali harakatlangan fuqaro P.M bojxonachilar e’tiborini tortdi va belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada, ushbu shaxsning egnidagi kiyimining cho‘ntagidan bojxonachilarga ma’lum qilinmagan 3200 AQSH dollari borligi aniqlandi.

Shuningdek, «Do‘stlik» chegara bojxona postida ham yana bir qoidabuzarlik holatiga chek qo‘yildi. Ya’ni fuqaro X.M.ga tegishli yuklar nazoratdan o‘tkazilganda, xorijda ishlab chiqarilgan va hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 26 million so‘mlik 2672 dona erkaklar bosh kiyimlarini bojxona chegaralaridan yashirincha olib o‘tishga uringanligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.