Moskvaning Sheremetevo aeroportida «Aeroflot» aviakompaniyasining Sukhoi Superjet yo‘lovchi samolyoti bortida yong‘in chiqqani uchun favqulodda qo‘ndirildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Moskva-Murmansk yo‘nalishi bo‘yicha qatnovni amalga oshirayotgan samolyot murakkab ob-havo sharoiti tufayli ikkinchi martadan qo‘na oldi. Qo‘nish vaqtida samolyot dvigatelida yong‘in kelib chiqdi.

Olov bortida 78 kishi bo‘lgan havo kemasining yarmini yo‘q qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida to‘rt kishi jarohatlandi va bir kishi hayotdan ko‘z yumdi. TASS esa 6 kishining jarohatlangani va 13 kishi, jumladan 2 bolaning vafot etganini ma’lum qildi.

Hodisa yuzasidan Tergov qo‘mitasi jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moskva shahrining «Sheremetevo» aeroportida samolyotning favqulodda qo‘nishi oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik maktubi yo‘lladi.

Davlat rahbari halok bo‘lganlarning yaqinlariga samimiy ta’ziya va hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tez fursatda sog‘ayishlarini tiladi.