O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash birinchi navbatda ushbu salbiy holatning sabablarini aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan. Bu haqda bosh prokuror Otabek Murodov shanba kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida ma’lum qildi.

Davlat organlarida korrupsion xatarlarni aniqlash va bartaraf etuvchi ichki tizim ishlamas ekan, ushbu yo‘nalishda natijaga erishib bo‘lmaydi, dedi u.

«Men o‘zim uchun bir savolga javob topa olmayman. Moliya vazirligini misol qilib olaylik. Vazir — hukumat a’zosi, nima uchun prokuror unga borib: „Sizlarda korrupsiya bormi?“ — deb so‘rashi kerak? Nima uchun vazirlik o‘z tizimini tozalamasligi kerak? Nima sababdan?» — savol berdi prokuror.

Bosh prokuror korrupsion xatarlarni boshqarish va ularni bartaraf etishga imkon beruvchi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini (komplayens) joriy etishni taklif qildi.

«Biz o‘zimizga bir narsani aniq belgilab olishimiz kerak: biz [pora] olishni emas, berishni to‘xtatishimiz kerak. Agar [pora] berishni to‘xtatsak, olishni ham to‘xtata olamiz», — deya ta’kidladi Otabek Murodov.

2018 yilda 1907 nafar mansabdor shaxs korrupsion harakatlar sodir etgani uchun javobgarlikka tortildi. Ularning 48 nafari — respublika, 191 nafari — viloyat va 1668 nafari — tuman darajasidagi mansabdorlardir.

Prokuratura tizimida 281 xodim pora olish va boshqa huquqbuzarliklarga moyilligi uchun vazifasidan chetlatildi, 61 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi.

«Bunday raqamlar prokuratura tarixida hech qachon bo‘lmagan. Men bu haqda ijtimoiy tarmoqlardagi prokuraturada tozalash o‘tkazish vaqti kelmadimi, degan ko‘p sonli savollar tufayli so‘zlamoqdaman. 82 ta holatda prokuratura xodimlari pora berishga harakat qilgan fuqarolar to‘g‘risida xabar qildi. Mana nima uchun [pora] berishni to‘xtatishimiz kerak. Avvallari 10 ming dollar taklif qilingan tergovchi xabar qilmasdan, puni cho‘ntagiga solgan. Hozir esa 82 holat to‘g‘risida xabar qilindi», — dedi bosh prokuror.

Otabek Murodov Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifini qayd etib o‘tdi. Ekspertlar korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasida ko‘zda tutilgan tavsiyalarning bajarilishini o‘rgandi.

«O‘rganishlar natijalari mart oyida Parijdagi uchrashuvda muhokama qilindi va O‘zbekiston ilk bor barcha tavsiyalarni bajarib, tashkilot a’zolari orasida yuqori baholarga ega bo‘ldi», — dedi u.