Oliy Majlis Senati 3 may kuni bo‘lib o‘tgan 19-yalpi majlisda O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jazo choralarini kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartishlarni ma’qullada.

O‘zgarishlarga ko‘ra, endilikda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash — eng kam ish haqining 1 baravaridan 3 baravarigacha (hozirda — EKIHning 0,5 dan 2 baravarigacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaga quyidagi yangi qism ham qo‘shilmoqda:

«Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud voyaga yetmagan shaxs huzurida sodir etilsa, — eng kam ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda yoxud o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi».

Senatorlarning qayd etishicha, «Mehr va oqibat» Hayvonlarni himoya qilish jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, 2014−2018 yillarda fuqarolardan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat to‘g‘risida 3500 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

«Qonunchilikka takliflarni kiritish bo‘yicha ishlarimiz 2013 yildayoq boshlangan edi. Biz Osiyo, MDH, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari tajribalarini o‘rgandik. Bu vaqt davomida deputatlar va davlat organlari vakillari ishtirokida uch marotaba davra suhbati tashkil etdik. Biz [hayvonlarga nisbatan] shafqatsiz munosabat to‘g‘risidagi fuqarolarning har bir murojaatini to‘pladik, sudlarda ishtirok etdik, statistika yuritdik, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazdik. Bu juda uzun va murakkab yo‘l edi, — dedi «Mehr va oqibat» jamiyati ijro qo‘mitasi raisi Timur Aripov «Gazeta.uz"ga. — Biz Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlarga, shuningdek qonunchilik ustida ishlashda qatnashgan barcha minnatdorchilik bildiramiz».

Dastlab deputatlar guruhi va «Mehr va oqibat» jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida yanada qattiqroq jazo choralari ko‘zda tutilgan edi. Jumladan, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash — eng kam ish haqining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi taklif qilingan.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud voyaga yetmagan shaxs huzurida sodir etilsa, — eng kam ish haqining 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda yoxud o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi taklifi berilgan.

Qonun loyihasi xuddi shu ko‘rinishda birinchi o‘qishdan o‘tdi, biroq ikkinchi o‘qish yakunlari bo‘yicha Qonunchilik palatasining ko‘pchilik deputatlari yirik miqdordagi jarima jazosini ma’qullamadi.