2 may kuni Bruklinda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida uch yoshli o‘zbekistonlik bola vafot etdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasi ma’lumotiga tayangan holda. Bolaning ota-onasi AQSHda grin-karta bo‘yicha yashamoqda.

Nyu-Yorkning Daily News gazetasi saytida xabar qilinishicha, bolani onasi va singlisi bilan uyi yaqinida samokatda o‘ynayotgan vaqtda chorrahada furgon urib yuborgan. Bola xushsiz holda Koni-Aylenddagi shifoxonaga yotqizilgan, biroq olgan jarohatlari ortidan o‘sha yerda vafot etgan.

Daily News nashrining qayd etishicha, halok bo‘lgan bola xotirasiga mahalliy aholi hodisa joyiga gullar keltirmoqda.

TIV konsullik departamenti bolaning ota-onasi va yaqinlariga hamdardlik bildirib, O‘zbekiston fuqarolari Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonaga konsullik okrugi hududida +1- 212 230−1341, 754−7403, 838−9812 raqamlari yoki info@uzbekconsulny.org elektron pochtasi orqali murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qildi.