O‘zbekiston Markaziy bankida kiberjinoyatchilikka qarshi kurash laboratoriyasi tashkil etildi. Bu haqda 3 may kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida MB raisi Mamarizo Nurmurodov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, banklararo to‘lov tizimi 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi. Hozirda banklararo to‘lovlar ish kunlari 17:00 ga qadar amalga oshirilsa, shanba va yakshanba kunlari buning iloji yo‘q.

«Jismoniy shaxslarda o‘z mobil telefonlari orqali buni amalga oshira oladilar. Biz xuddi shunday sharoitni yuridik shaxslar uchun ham yaratishni istaymiz. Bugun Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari fermerlari uchun bu imkoniyatni taqdim etdik, ular to‘lov qog‘ozlarini to‘ldirmaydigan, kredit uchun banklarga bormaydi va o‘z plastik kartalari orqali o‘g‘it va yoqilg‘i sotib olishlari mumkin. Bu shanba va yakshanba kunlari, kechasi ham, kunduzi ham ishlamoqda», — dedi u.

Markaziy bank rahbari ushbu tizimning joriy etishda axborot xavfsizligiga alohida diqqat qaratish lozimligini tan oldi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Markaziy banki FinCERT — Rossiya bankining kredit-moliya sohasida kompyuter hujumlari monitoringi va boshqaruv markazi bilan hamkorlik qilmoqda.

«Ehtimoliy hujumlarga barham berish uchun biz Markaziy bankda kiberjinoyatchilikka qarshi kurash laboratoriyasini ochdik», — dedi Mamarizo Nurmurodov. Uning so‘zlariga ko‘ra, laboratoriya fuqarolar hisobiga tushayotgan pul mablag‘larini ham kuzatib boradi.

«Aytishim mumkinki, agarda kimningdir hisobiga ko‘p miqdorda pul tushsa, o‘rganish olib boramiz. Ochiq aytaman, masalan, oylik maoshingiz 5 mln so‘m, agar birdaniga 50 mln so‘m tushsa, bu bizda shubha uyg‘otadi. Balki kimdir yanglishdan pul o‘tkazib yuborgandir, balki boshqa sabab bordir», — dedi u.