O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’ruza qildi.

Senat raisi ovqatdan zaharlanish mavzusidagi kamchiliklar haqida fikr bildirdi.

«Berilgan imtiyozlarga qaramasdan, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, realizatsiya qilishva umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi aksariyat tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena talablariga amal qilmaslik holatlari kuzatilmoqda.

Birgina misol: 2017 yilda reja asosida oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalari, oziq-ovqat savdosi ob’ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida o‘tkazilgan sanitariya nazorati davomida 587 ta tadbirkorlik sub’ektining barchasida sanitariya qoidalari, normalari vagigiyena normativlari qo‘pol buzilganligi aniqlangan. Bu jami tadbirkorlik sub’ektlarining bor — yo‘g‘i 1 foizidir.

Endi tasavvur qiling: sub’ektlarning qolgan 99 foizida ham ahvol shunday bo‘lsa, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘liq ta’minlanganiga kim kafolat beradi? Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017−2018 yillarda 1190 nafar fuqaro, e’tibor bering, ularning 222 nafari bolalar, ovqatdan zaharlangan va 9 nafari vafot etgan.

Mamlakatdagi dehqon bozorlarining sanitariya-epidemiologik holati ham talabga javob bermaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 300 ga yaqin dehqon bozori va ularning 150 dan ortiq shoxobchasining aksariyati ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanmagan, savdo rastalari yetishmaydi, tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun maxsus rastalar va sharoitlar yaratilmagan. Veterinariya-sanitariya laboratoriyalari tashkil etilmagan, chiqindilarni yig‘ish uchun maxsus joylar ajratilmagan.

Shuningdek, dehqon bozorlarida sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan, bozor hududining ochiq maydonlarida yoki uy sharoitida tayyorlangan taomlar bilan savdo qilish amaliyoti tobora avj olmoqda. 2018 yilda o‘tkazilgan sanitariya nazorati tadbirlarida dehqon bozorlaridagi 46 855 nafar sotuvchi tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi aniqlangan.

Ana shunday bir sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish hamda xizmat ko‘rsatish paytida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga o‘z vaqtida rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya xizmatining nazorat faoliyati cheklanganicha qolmoqda.

Ya’ni qonunchilikka muvofiq, sanitariya-epidemiologiya xizmati tekshiruv o‘tkazish uchun vakolatli organga buyurtma beradi. Buyurtma vakolatli organ tomonidan uch ish kunidan kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi hamda tekshiruvni o‘tkazish kelishilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida qarorqabul qilinadi.

Bunday amaliyot sanitariya — epidemiologiya xizmati zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish imkoniyatini deyarli yo‘qqa chiqarmoqda.

Birgina misol: 2018 yilning sentyabrida Qarshi shahridagi «Baxtli oila» to‘yxonasida o‘tkazilgan to‘yda 70 nafar fuqaro ovqatdan zaharlangan. Shunga qaramasdan, sanitariya-epidemiologiya markaziga ushbu ob’ektdagi zaharlanish holatini tekshirish va profilaktik choralarni amalga oshirish maqsadida qisqa muddatli sanitariya nazoratini o‘tkazishga ruxsat berilmagan. Shu bois, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati tekshiruvlarini kelishish va o‘tkazish tartibi haqidagi 2018 yil 7 sentyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtinchalik nizomga tegishli o‘zgartishlar kiritish dolzarb ahamiyatga ega.

Xususan, davlat sanitariya nazoratini barcha ob’ektlarda, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlariga qarashli savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida istalgan vaqtda, hech qanday moneliksiz, moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda o‘tkazish mumkinligini belgilash masalasini ko‘rib chiqishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Zero, insonning hayoti va sog‘lig‘i barcha narsadan, jumladan tadbirkorning moliyaviy manfaatlaridan ham ustundir", — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.