O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ma’qullandi. Bu haqda «Gazeta.uz» maxbiri xabar berdi.

Majlisda mazkur hujjat urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirishga qaratilgani qayd etildi.

Qonunda yer uchaskalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli organlar — Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, «Yergeodezkadastr» qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasining asosiy vazifalari belgilab berilgan.

Shuningdek yer uchaskalarini xususiylashtirish tartibi va xususiylashtirilgan yer uchastkalarining huquqiy maqomi tartibga solingan. Yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlari joylashgan yer uchastkalari, shuningdek ularga tutash bo‘lgan, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur o‘lchamlardagi yer uchastkalari, yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoniyati nazarda tutilgan.

Qonunga ko‘ra tasdiqlangan va e’lon qilingan rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari, foydali qazilmalar konlari joylashgan yer uchastkalari, davlat mulkidagi strategik ob’ektlar, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon va suv fondlarining yerlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi.

Bunda qonunda belgilab qo‘yilishicha, chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar (norezidentlar), fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar Yer kodeksida va xalqaro shartnomalarda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega emas. Qonun normalarida yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek qonunda mustahkamlab qo‘yilishicha, xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi ob’ektlari hisoblanadi, xususiy mulk huquqi esa daxlsizdir va u davlat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinadi.

Shuningdek hujjatda xususiylashtirilgan yer uchastkasini olib qo‘yishga faqat mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruv ushbu yer uchastkasiga qaratilganda, shuningdek natsionalizatsiya, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yo‘l qo‘yiladi. Natsionalizatsiya qilish faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganida amalga oshiriladi, bu tomonlar o‘rtasida teng shartlar asosida tuziladigan yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasi tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar hollarida va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan vaqtinchalik olib qo‘yilishi (rekvizitsiya qilinishi) mumkin. Senatorlar ushbu qonunni ma’qulladilar.