O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Unga ko‘ra, asarlardan yoki turdosh huquqlar ob’ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar ob’ektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish huquqbuzarlik qurollarini musodara qilib — fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan (202 ming 730 so‘mdan) besh baravarigacha (1 mln 13 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan (1 mln 13 ming so‘mdan) 10 baravarigacha (2 mln 27 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, ixtiroga, foydali modelga va sanoat namunasiga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun ham javobgarlik chorasi belgilandi.

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.