O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov juma kuni Giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasida mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi ishtirokchi davlatlarining 11-uchrashuvida mintaqadagi giyohvand moddalar aylanmasi bo‘yicha xavotirli tendensiyalarni sanab o‘tdi.

2−3 may kunlari Toshkentda o‘tkazilishi belgilangan uchrashuvda mintaqa va Rossiya tashqi ishlar vazirlari, shuningdek BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, AQSH Davlat departamenti, Yevropa Ittifoqi va YeHXT vakillari ishtirok etdi.

Vazirning qayd etishicha, 2018 yilda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari noqonuniy aylanmadagi 1 tonna giyohvand moddalarni olib qo‘ydi. Bu 2017 yilga nisbatan 41 foizga kam demakdir.

«Zamonaviy global dunyoda birorta ham davlat giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurasha olmaydi. Faqatgina kuch va resurslar, tajriba va bilimlarni birlashtirish orqali biz narkotrafikka va unga hamroh transmilliy tahdidlarga qarshi yuksalishga erisha olamiz», — dedi vazir.

Markaziy Osiyoda asosiy narkotahdidlardan biri Afg‘onistondagi vaziyatdir. TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Afg‘onistonda dunyodagi opiumning 90 foizi ishlab chiqarilmoqda.

«Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan giyozvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi choralar ko‘rilishiga qaramasdan, transmilliy narkoguruhlar mintaqa mamlakatlari hududidan „shimoliy yo‘nalish“ deb nomlanuvchi narkotrafik kanali sifatida foydalanishga harakat qilmoqda», — dedi Abdulaziz Kamilov.

Vazir yana bir bor hamkor davlatlarni afg‘on mojarosiga chek qo‘yish, tinchlikni yo‘lga qo‘yish hamda narkotahdidlarning o‘sishi va mintaqa xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa muammolarning chuqurlashishiga ta’sir ko‘rsatayotgan Afg‘onistondagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni qisqa sur’atlarda hal etishga ko‘maklashishni kuchaytirishga chaqirdi.

Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bugungi kunda ekstremistik va terroristik tuzilmalar, kriminal guruhlarning asosiy moliyaviy manbasi va ularning transmilliy aloqalarining yetakchi elementlaridan biri hisoblanadi, deya davom ettirdi vazir.

«Narkosavdodan olingan daromadlar Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kengaytirishga harakat qilayotgan xalqaro terroristik tashkilotlarning yollash va targ‘ibot faoliyatini moliyalashtirishda asosiy vositalardan biriga aylandi», — dedi TIV rahbari.

Vazir odamlarning ongi uchun kurashni eng muhim vazifa sifatida tilga oldi: «Biz ularni narkotahdidlar va zo‘ravonlik g‘oyasi virusidan himoya qilishimiz shart. Shu munsabat bilan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga ustuvor e’tibor qaratish, antinarkogen muhitni shakllantirish, narkomaniya va radikalizatsiya profilaktikasini takomillashtirishni muhim deb hisoblaymiz».

Abdulaziz Kamilovning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy narkotiklar va psixofaol moddalarning yangi turlari paydo bo‘lishi va keng tarqalishi ham global muammoga aylanmoqda.

«Dunyoda sun’iy giyohvand moddalar bozorining jadallik bilan rivojlanayotgani bizning mintaqaga ham yangi psixofaol moddalarning kirib kelishi va xilma-xilligining ortishiga olib kelmoqda. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bozorda muntazam ravishda „dizaynerlik narkotiklari“ deb nomlanuvchi giyohvand moddalar paydo bo‘lmoqda, bunda xalqaro narkotiklar nazorati tizimi doimiy ravishda ularning paydo bo‘lish va ishlab chiqarish sur’atlari keltirib chiqarayotgan qiyinchiliklarga duch kelmoqda», — dedi vazir.

«Narkotiklar ustidan nazorat sohasida progresga erishish uchun narkotrafik kanallarini aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan chegara va bojxona nazoratini mustahkamlash, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda davlatlarning huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligi me’yorlari va uslublarini takomillashtirish, narkotiklarning noqonuniy aylanmasi sohasida tadqiqotlar va profilaktika uchun kriminalistik ilm-fanning zamonaviy yutuqlarini o‘rganish va joriy etish muhim hisoblanadi», — dedi Abdulaziz Kamilov.