O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov tungi vaqtlarda ishlovchi restoranlar, kafe va boshqa ko‘ngilochar maskanlarga qo‘yilgan xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risida ma’lum qildi.

Juma kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida senatorlar ichki ishlar vaziriga 2019 yilgi Davlat dasturining 38-bandida 5 fevralgacha restoran, kafe va boshqa ko‘ngilochar ob’ektlarda huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta’minlash talablarini o‘rnatgan holda ularning tungi paytda ishlash tartibini belgilashni ko‘zda tutgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi kerakligini esga oldi.

Po‘lat Bobojonov loyiha ustida olib borilayotgan ishlarga izoh berar ekan, birgina Toshkentning o‘zida tungi klublar yaqinida qotillik yoki tan jarohati yetkazish bilan yakunlangan yettita jinoyat sodir etilgani, jumladan «Aurum 898» tungi klubida sportchi Jamshid Kenjayevning o‘ldirilganini qayd etdi.

«Biz ko‘ngilochar joylarda yagona tartibni o‘rnatish bo‘yicha hukumatga qaror loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritdi. Ochiq aytaman, biz jamoat tartibini saqlash bo‘yicha juda qattiq talablarni taklif qildik. So‘ngra ish to‘xtatildi. Keyin esa prezident administratsiyasi topshirig‘i bilan biz yana talablarni qayta ko‘rib chiqdik. Tadbirkorlar huquqlarini cheklamaslik va xavfsizlikni ta’minlashda qo‘shimcha xarajatlar paydo qilmaslik uchun, sayyohlar oqimini hisobga olgan holda, biz ikkinchi loyihani ishlab chiqdik va Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish organlari bilan birgalikda prezident administratsiyasiga kiritdi», — dedi ichki ishlar vaziri.

IIV rahbari hujjatda jamoat tartibini saqlash bo‘yicha «minimal talablar"ni o‘rnatish taklif etilayotganini qayd etdi. Jumladan, videokuzatuv tizimlari o‘rnatilishi, tutash hududlar va avtoturargohlar yoritilishi, o‘t o‘chirish va tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalar mavjud bo‘lishi va favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya masalalari hal etilgan bo‘lishi zarur.