Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Yunusobod tumanining sobiq hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Abdusamatovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. 1 may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov ishtirok etdi. Unda tomonlar so‘zga chiqdi.

Tumanning sobiq rahbari bilan birga vaqtincha ishsiz O‘lmas Muxamedsaidov (1970 y. t.) va O‘zbekiston Davlat turizm qo‘mitasining «Milliy PR-markazi"ning sobiq bosh direktori Shohruh Malikov (1982 y. t.) ham sud qilinmoqda.

Sud majlisi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov raisligida o‘tmoqda.

Qayd etish joizki, tomonlarning so‘zga chiqishi 11 aprelda bo‘lib o‘tishi lozim edi, biroq 1 may kuniga qadar «prokurorning tayyor emasligi» sababi bilan majlis yetti marotaba ortga surildi.

Sardor Ahmedov.

Toshkent prokurori yordamchisi Sardor Ahmedov o‘z nutqida Baxtiyor Abdusamatovga (1976 y. t.) nisbatan avval ilgari surilgan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha ayblovni olib tashlashni, biroq JK 205-modda 2-qism «a» bandida (hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish juda katta miqdorda zarar yetkazgan holda) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, besh yil muddatga qamoq jazosi tayinlanishini so‘radi.

U, shuningdek, O‘lmas Muxamedsaidov harakatlaridan 212-moddasini (pora olish-berishda vositachilik qilish) chiqarib tashlash, biroq 168-modda (firibgarlik) va 211- modda (pora berish) moddalari bo‘yicha aybdor deb topib, 12 yil muddatga qamoq jazosiga tayinlanishni so‘radi.

Shohruh Malikovdan esa prokuror yordamchisi 212-modda 3-qism «a» bandi (haq evaziga pora olish-berishda vositachilik qilish) bo‘yicha ayblovni olib tashlash hamda xuddi shu moddaning «b» va «v» bandlarini (juda ko‘p miqdorda pora olish yoki berish vaqtida hamda uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab) 168-modda 4-qism «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 211-modda 3-qism «a» bandiga (juda ko‘p miqdorda pora berish) qayta malakalashni hamda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilishini so‘radi.

Abdusamatov himoyasi

YouTube orqali ko‘rish

Quyida «Gazeta.uz» sudlanuvchining advokati Timur Rahmatullayevning asosiy dalillarini keltirib o‘tadi.

Baxtiyor Abdusamatovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi materiallari tahlili uning harakatlarida JKning 205-(hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210-(pora olish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyat tarkiblarining yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Tergov organlari qo‘shimcha tekshiruv tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan tasdiqlangan dalillarni to‘plamagan. Uydirma va taxminlarga asoslanib, materiallarni Davlat xavfsizlik xizmati tergov organlariga taqdim etgan va yetarlicha dalillar bazasi bo‘lmasdan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini muvaffaq bo‘lgan. Aslida esa huquqni muhofaza qilish organlari poraxo‘rlik to‘g‘risidagi bayonot va xabarlarni ko‘rib chiqish, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rib chiqishda qonun talablariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi yo‘l-yo‘riqlarni qabul qilishi talab etiladi, deya ta’kidladi advokat.

6 sentyabr kuni Yunusobod tumani hokimi v. b., daxlsiz shaxs maqomiga ega (Jinoyat-protsessual kodeksining 223-moddasi) deputat Baxtiyor Abdusamatov Xalq deputatlari kengashi va Toshkent hokimining ruxsatisiz noma’lum tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olinib, tezkor bo‘linmalarga yetkazilgan.

Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, tergov organlari Baxtiyor Abdusamatovni jinoyat ustida qo‘lga olish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirmagan.

7 sentyabr kuni mahalliy va xorijiy OAV, jumladan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) saytida hamda ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlari Yunusobod tumani hokimi v. b. tuman hududidan mahalliy yoki xorijiy investorga yer uchastkasini ajratishga ko‘maklashish uchun pora sifatida 400 ming dollar miqdorida pul mukofotini olayotgan vaqtda ushlangani to‘g‘risidagi xabarlar e’lon qilindi. Advokatning tasdiqlashicha, bu — yolg‘on axborot.

Sud tergovi doirasida ishtirokchi shaxslar va himoyachi tomon jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga xizmat qilgan e’lon qilingan da’vo materiallari daliliy ashyolarni sun’iy ravishda hosil qilish va kelgusida adolatsiz ayblor e’lon qilinishi uchun Baxtiyor Abdusamatov ushlanganidan so‘ng olingan, deya ma’lum qildi Timur Rahmatullayev.

U qo‘lga olingan vaqtdan boshlab himoyachi tomon «qo‘pol protsessual qoidabuzarliklar» (noqonuniy qo‘lga olish va tezkor bo‘linmalarda ushlab turish, ushlab turish muddatlarining buzilishi, tergov ishtirokchilariga bosim o‘tkazish va boshqalar) sud tergovi jarayonida o‘z tasdig‘ini topdi, dedi advokat.

Baxtiyor Abdusamatovning so‘zlariga ko‘ra, u bilan noma’lum tezkor vakillar suhbat qilib, unga tuman tadbirkorlaridan yirik miqdorda pora olgani bo‘yicha shubhali dalillarni taqdim etgan.

Ushbu xodimlar 600 ming dollar miqdorida pul mablag‘i topshirib, aybiga iqrorlik maktubi yozsa va rahbariyat topshirig‘i bo‘yicha bajarganidan afsusda ekanini aytib videomurojaat yo‘llasa, Baxtiyor Abdusamatov qo‘yib yuborilishi va tuman hokimi v. b. lavozimida ishlashda davom etishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Sudlanuvchi ushbu pullarni o‘zlashtirmaganini, biroq go‘yoki «rahbarlik» tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga qarshi borishni istamasdan keyingi uch kun ichida tanishlari va qarindoshlaridan tezkor xodimlar aytgan pullarni topishni so‘raganini ma’lum qildi.

Turar joy garovga qo‘yilib, boshqa odamlardan qarz olinib va o‘z mablag‘lari yig‘ilganidan so‘ng 400 ming dollar miqdoridagi pul yaqin qarindoshlari tomonidan qism-qism qilinib 7−10 sentyabr kunlari Boshqarmaga olib kelinadi, dedi himoyachi.

Timur Rahmatullayev.

Shunday qilib, ruhiy bosimlar hamda yaqinlariga nisbatan ham jinoyat ishi ochilishi to‘g‘risidagi tahdidlar ostida qolgan Baxtiyor Abdusamatov ularga pora olgani to‘g‘risida yolg‘on ko‘rsatma berishga majbur bo‘ladi. Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, ushbu yolg‘on ko‘rsatmalar respublika rahbarlariga yetkazilgan.

Biroq shundan keyin ham sudlanuvchi qo‘yib yuborilmaydi va 9 sentyabr kuni DXX tergov izolyatoriga yetkaziladi.

10 sentyabr kuni esa yolg‘on ko‘rsatmalar asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, shu kunning o‘zida qo‘lga olinganlik to‘g‘risida bayonnoma tuziladi, dedi Timur Rahmatullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, da’vo materiallari ushbu shaxslarga bosim o‘tkazish vaqtida olingan va ko‘rsatmalar yolg‘on hisoblanadi, ayrim shaxslarning ko‘rsatmalari bir necha marotaba o‘zgardi. Sud tergovi o‘z imkoniyatidan foydalangan holda firibgarlik yo‘li bilan pul mablag‘lari olgan shaxslarni aniqladi. Bu ham dastlabki tergov doirasida o‘z isbotini topdi, dedi advokat.

Tergov organlari 400 ming dollar miqdoridagi pulning pora sifatida olinganini va avtomashinalar ko‘rinishidagi mol-mulklarning xatlanganini asoslab bera olmadi. «Hatto keyinchalik ilgari surilgan alohida epizodlar bo‘yicha o‘z tasdig‘ini topmaganiga qaramasdan, ayblov mexanizmi ishga tushirilgan va to‘xtatilmagan», — dedi Timur Rahmatullayev.

Jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan ishning holati va asoslariga ko‘ra, Baxtiyor Abdusamatov 6 sentyabr kuni JKning 210-moddasida (pora olish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda yoki sodir etilgandan keyinoq ushlanmagan, ya’ni daliliy ashyolar bilan qo‘lga olinmagan, deb hisoblaydi advokat.

Raislik qiluvchi sudya Zafar Nurmatov (markazda).

Himoyachining fikricha, aynan shu sabab bilan deputatni JPKning 221-modda 1-bandi bo‘yicha sun’iy ravishda qonuniy yo‘l bilan qo‘lga olish uchun OAVda Yunusobod tumani hokimi v. b. go‘yoki pul mablag‘larini pora sifatida olayotganda (daliliy ashyolar bilan) ushlangani to‘g‘risidagi xabarlar va mish-mishlar sun’iy ravishda tarqatilganini asoslash mumkin.

Bundan tashqari, 6 sentyabr kuni 19:00 ga qadar Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi rahbarining Baxtiyor Abdusamatovni jinoiy javobgarlikka tortishga roziligi mavjud bo‘lmagan. Faqatgina qo‘lga olingandan to‘rt kun o‘tib, 10 sentyabr kuni prokurorning taqdimnomasi bo‘yicha Toshkent hokimining birinchi o‘rinbosari Qahramon Aripovdan javobgarlikka tortish va daxlsizlikni bekor qilishga rozilik olingan, deya ma’lum qildi advokat.

«Mazkur shaxsning rozilik berishga qonuniy huquqqa egaligi bahsli. Jumladan, Toshkent hokimining birinchi o‘rinbosari deputatni jinoiy javobgarlikka tortish huquqiga ega emas, deb hisoblaymiz, chunki bu vaqtda poytaxt hokimi v. b. o‘z vazifasini amalda bajarayotgan edi», — dedi Timur Rahmatullayev. Himoyachi tomon bunday rozilik olish tartiblari ham buzilgan, deb hisoblaydi.

«Adolatsiz so‘roqlar»

Advokat sobiq hokim v. b.ni qo‘lga olishda jinoyat-protsessual qonunchilikdagi boshqa qoidabuzarliklarni ham sanab o‘tdi:

  • 221-moddaga muvofiq qo‘lga olishning ishonchli asoslari yo‘q, JPK 223-moddasining (qo‘lga olishda daxlsizlik huquqidan foydalanuvchi shaxs) buzilishi;
  • qo‘lga olish tartiblarining buzilishi, JPKning 224 va 225-moddalarida ko‘zda tutilgan qo‘lga olish bayonnomasining mavjud emasligi;
  • JPKning 226-moddasida (noqonuniy ravishda hibsda ushlab turish) ko‘zda tutilgan qo‘lga olish muddatlarining buzilishi;
  • noqonuniy so‘roq va deputatdan tushuntirish olish;
  • ayblov uchun kerakli ko‘rsatmalarni olish maqsadida ruhiy bosim va aldov (JPK 95−1-modda);
  • asossiz ravishda xorijiy valyuta pul mablag‘larini olish;
  • tergovga qadar tekshiruv doirasida maqomi noma’lum bo‘lgan shaxsdan pul mablag‘larini olish tartiblarining buzilishi;
  • tergovga qadar tekshiruv materiallarini rasmiylashtirish tartiblarining buzilishi;
  • qo‘lga olingan birinchi kunlarda yuridik yordamdan foydalanishga imkon berilmasligi, sudlanuvchi amalda ayblanuvchi bo‘la turib advokatning huquqiy yordamidan to‘liq cheklangani.

«Mazkur holatlar noqonuniy yo‘l bilan olingan dalillarning asossiz ekanidan dalolat beradi va dastlabki tergov doirasida hamda ayni vaqtda sudning birinchi instansiyasida nomaqbul deb tan olinishi lozim», — dedi advokat.

Baxtiyor Abdusamatov, Shohruh Malikov va O‘lmas Muhamedsaidov.

Timur Rahmatullayev ta’kidlashicha, agarda dastlabki tergov va tergov organlari ko‘rsatilgan shaxslardan olingan arizalarni qonuniy deb topadigan bo‘lsa, ularning olinishi, registratsiya qilinishi, arizalarning DXX rahbariyati tomonidan tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi va kelib tushgan arizalarda ko‘rsatib o‘tilgan dalillarni o‘rganish uchun ijrochilarni aniqlash, qaror qanchalik tezkorlik bilan qabul qilingani va tadbirlar belgilangani yuzasidan asoslangan savollar vujudga keladi.

«Ma’lumki, arizani huquqni muhofaza qilish organlariga yuborishda murojaat qiluvchi fuqaroning muammosi bir kun ichida hal etilmaydi. Bir kunning o‘zida bir necha shaxs tomonidan bir necha arizaning bir vaqtda topshirilishi bo‘yicha savollar tug‘iladi. Bu Baxtiyor Abdusamatovga nisbatan arizalar bazasi sun’iy ravishda hosil qilingani va ushbu arizalarni topshirish ko‘ngilli ravishda bo‘lmaganini isbotlaydi», — deb hisoblaydi advokat.

Himoyachi ushbu vaziyatlarda jinoyat-protsessual qonunchilikdagi quyidagi qonunbuzarliklarni sanab o‘tdi:

  • U. To‘rayev, G. Cho‘liyev, Sh. Alimuhamedov va boshqa shaxslarning asossiz chaqirilishi;
  • ularning qonunga xilof ravishda so‘roq qilinishi;
  • ayblov uchun zarur ko‘rsatmalarni olish maqsadida bosim va yolg‘on qo‘llanilishi;
  • noqonuniy ravishda hibsda saqlash;
  • ariza materiallarining noqonuniy yig‘ilishi va tushuntirishlar olinishi.

«Asossiz jinoyatlar»

Ayblovchi tomon Baxtiyor Abdusamatovga I. Alimovdan 35 ming dollar (142,4 mln so‘m) pora olish fakti bo‘yicha JKning 210-moddasi 3-qism «a» bandi (juda yirik miqdorda pora olish) bilan ayblov e’lon qilgan. Shuningdek, unga I. Alimovga 15 ming dollar (63,1 mln so‘m) va 30 mln so‘m miqdorida zarar yetkazganlik fakti bilan JKning 205- modda 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

I. Alimov huquqni muhofaza qilish organlariga 2018 yil 17 oktyabrda murojaat qiladi. 11 mart kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida guvoh o‘z arizasida ko‘rsatib o‘tgan xulosani tasdiqlamasligini tan oldi. U Baxtiyor Abdusamatovga nisbatan ariza yozmoqchi bo‘lmaganini ta’kidlab, «muayyan bosim ostida» bo‘lganini ma’lum qildi. Bu, advokatning qayd etishicha, ariza ko‘ngilli ravishda topshirilmaganidan dalolat beradi.

Alimovning so‘zlariga ko‘ra, Yunusobod tumani hokimiyatiga o‘tkazilgan va Baxtiyor Abdusamatovga shaxsan berilgan barcha pul mablag‘lari xayriya xususiyatiga ega bo‘lib, homiylik maqsadlarida bo‘lgan, biroq uning o‘rniga hech qanday yer uchastkasi bo‘yicha qaror qabul qilinmagan. Shu bilan birga, u hokimiyat ham unga yer uchastkalarini ajratishda yordam ko‘rsatganini aytib o‘tdi. Alimov ko‘ngilli ravishda kam ta’minlanganlar uchun uylar qurilishiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, guvohning Yunusobod hokimiyati va shaxsan sudlanuvchiga nisbatan hech qanday e’tirozi yo‘q. U uning kompaniyasi va o‘ziga moddiy yoki boshqa zarar yetkazilmagan deb hisoblaydi. Alimov hozirda hokimiyat unga yer uchastkasini ajratish masalasini ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi. ushbu munosabatni ham davlat-xususiy sherikchilik sifatida ko‘rish mumkin.

Shunday qilib, Alimov arizasi va so‘roqlardagi keyingi ko‘rsatmalarini daliliy ashyo sifatida nomaqbul deb tan olish lozim, dedi himoyachi.

Baxtiyor Abdusamatov olingan 35 ming dollarni u kam ta’minlanganlar uchun qurilayotgan uylar uchun beton plitalarini sotib olish va yetkazib berish vazifasi yuklatilgan B. Ubaydullayevga berganini ma’lum qildi.

Ushbu uyning homiylik mablag‘lari hisobidan qurish fakti B. Ubaydullayev tomonidan ham tasdiqlangan bo‘lib, uyning fototasvirlari, shuningdek Toshkent hokimining 10 sentyabrdagi №1326 sonli «Toshkentda ko‘p qavatli turar joy binolari qurilishi uchun yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risida"gi qarori mavjud, dedi himoyachi.

Hokim qarorining 2-bandida yuridik va jismoniy shaxslarda homiylik sifatida uy qurilishiga qiziqishni uyg‘otish haqida so‘z boradi.

Qo‘shimcha ravishda 1 aprel kuni sud tergovi doirasida chaqirilgan va so‘roq qilingan «Kontakt-inform» (pudratchi tashkilot) vakillari hisoblangan guvohlar Artur Daniyeliyan (prorab) va Bo‘rixon Abdusamatov (huquqshunos) ham Yunusobod tumani hududida kam ta’minlanganlar uchun uylar qurilayotganini tasdiqladi. Ular jadvalda ko‘rsatilgan beton plitalar pudratchi tashkilot emas, balki hokimiyat hisobidan sotib olinganini tasdiqladi. Bundan tashqari, guvohlar uy Toshkent hokimining yuqorida keltirilgan qaroriga muvofiq, homiylik mablag‘lari hisobidan barpo etilayotganini tasdiqladi.

Artur Daneliyan uyni qurishda dastlabki hisob-kitoblarda 396 ta beton plitasi keltirilgani, so‘ngra ular «Ferrobeton» kompaniyasidan I.Alimovdan olingan pul mablag‘lari hisobidan sotib olinganini ma’lum qildi.

«Baxtiyor Abdusamatov aytib o‘tilgan pullarni shaxsiy maqsadlarda olmagan va o‘zlashtirmagan», — dedi himoyachi.

Tuman hududini obodonlashtirishga sarflangan 15 ming dollar va kam ta’minlanganlar uchun qandolat mahsulotlariga xarjlangan 30 mln so‘mga kelsak, I. Alimov faqatgina xayriya maqsadida ajratgan va unga zarar yetkazilgan deb hisoblamaydi. Tergov organlari mazkur raqamlarni guvohning og‘zidan eshitgan va tekshiruv o‘tkazmagan, dedi Timur Rahmatullayev.

Himoyachi mazkur holat bo‘yicha ayblov asossiz deb, suddan Baxtiyor Abdusamatovning harakatlarida JKning 205 va 210-moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlar tarkibi yo‘qligi bois ayblovdan chiqarishni so‘radi.

Advokat «bosim ostida ariza yozgan va ularni yozishni istamagan» tadbirkorlar ishtirokidagi shunga o‘xshash yettita holatni sanab o‘tdi.

«Umuman olganda, Baxtiyor Abdusamatovning harakatlarida jamiyat uchun xavfli holatlar bo‘lmagan, u jamiyat va tadbirkorlar manfaatlari uchun harakat qilgan. Hech bir tadbirkor unga zarar yetkazilganini ko‘rsatmagan, mol-mulk va boshqa e’tirozlari yo‘q. Sud tergovi doirasida birorta ham yuridik yoki jismoniy shaxs unga Baxtiyor Abdusamatov zarar yetkazganini ko‘rsatmagan. Baxtiyor Abdusamatov faqatgina davlat va jamiyat oldidagi vazifalarini bajarish maqsadida harakat qilgan», — dedi Timur Rahmatullayev.

Tadbirkorlar tuman uchun zarur bo‘lgan ish va xizmatlarga bevosita o‘zlari to‘lovlarni amalga oshirgan. Har ikki tomondan tuman hududidan yer ajratilishi o‘rniga Yunusobod tumanini rivojlantirish uchun homiylik yordamini ko‘rsatish taklifi ilgari surilgan.

Tadbirkorlar hokimiyat taklifi bo‘yicha hech qanday mukofotni tilga olmagan, maktablar, bolalar bog‘chalari, uchastka inspektorlari kvartiralari, bolalar maydonchalarini restavratsiya qilish va ta’mirlash, tumandagi boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, ko‘chalarni asfalt qilish, rasmiy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlarga ko‘ngilli tartibda pul to‘lashgan, dedi advokat.

Baxtiyor Abdusamatov tadbirkorlarning pullarini shaxsiy maqsadlarda o‘zlashtirmaganini ma’lum qildi. Byudjet mablag‘lari yo‘qligi sababli homiylik mablag‘lari jalb etilgan, bular aslida davlat-xususiy sherikchiligi bo‘lgan, dedi himoyachi.

Tumanni obodonlartirish ishlari homiylar tomonidan o‘tkazilgani Yunusobod tumani hokimi Rahmonbek Usmonov tomonidan tasdiqlandi. Jinoyat ishigi biriktirilgan xatga ilova qilingan jadvalda ko‘rsatilgan mablag‘lar byudjetdan ajratilmagan, deya ta’kidladi advokat.

Olingan hujjatlar va ma’lumotnoma materiallariga ko‘ra, 2017 yil 10 fevraldan 25 iyunga qadar Yunusobod tumani byudjeti miqdori 1 mlrd 350 mln so‘mni tashkil etgan.

Baxtiyor Abdusamatov Yunusobod tuman hokimi v. b. sifatida faoliyat ko‘rsatgan davrdagi homiylik mablag‘lari esa 2 mlrd 158 mln 500 ming so‘mni tashkil etgan.

2017−2018 yillar davomida davlat va biznes o‘rtasidagi ushbu o‘zaro aloqalarning huquqiy asoslari va mexanizmlari mavjud bo‘lmagan. Biroq Toshkent hokimining 2018 yil 10 sentyabrdagi №1326 sonli qarorida davlat byudjeti mablag‘lari ka ta’minlanganlar uchun turar joylarni qurishga yo‘naltirilmaganini tasdiqlaydi.

Yuqorida qayd etilganidek, qarorning 2-bandida uylarni qurishga qiziqish bildirgan yuridik va jismoniy shaxslarni homiylar sifatida jalb qilish ko‘rsatilgan bo‘lsa, 4-bandida homiylarga yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risida so‘z boradi.

2018 yilning avgustida «Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingan bo‘lib, Toshkent hokimi qarorida u o‘z aksini topgan.

Shundan so‘ng 2018 yil 20 oktyabr kuni prezidentning «Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishning huquqiy va institutsional bazasini yaratish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

2018 yil 13 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Moliya vazirligi huzurida Davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Hujjatda agentlik to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, uning maqsad va vazifalari belgilab berildi. Biroq agentlik hozircha yuridik va jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha aniq huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda, dedi advokat.

Baxtiyor Abdusamatov ham Yunusobod tumani hokimi v. b. sifatida tadbirkorlar bilan amalda DXSH xususiyatiga ega bo‘lgan o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha choralarni amalga oshirgan, deya qayd etdi himoyachi tomon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat ishi manipulyatsion tariflash hamda alohida shaxslar va ish ishtirokchilariga bosim o‘tkazish yo‘li bilan shakllantirilgan. Tergov faqatgina tadbirkorlarning pul mablag‘larini hokimga berish vaqtidagina muhim bo‘lgan. Biroq ayblov uchun foydasiz ekanini tushungan holda mablag‘lar qanday maqsadlarga yo‘naltirilganini aniqlash bo‘yicha chuqur o‘rganishlar olib borilmagan, deb hisoblaydi advokat. Jinoyat ishi materiallarida Baxtiyor Abdusamatov pul mablag‘larini shaxsiy manfaatlari yo‘lida olganini isbotlovchi dalillar mavjud emas, dedi u.

400 ming dollar qayerdan paydo bo‘ldi

Himoya tomonida Baxtiyor Abdusamatovdan 2018 yil 10 sentyabrda olingan 400 ming dollar miqdoridagi pul mablag‘larining qabul qilib olinishi to‘g‘risidagi bayonnoma yuzasidan ham bir qator savollar paydo bo‘ldi.

Ushbu mablag‘lar qaysi ko‘rsatmalardan kelib chiqib olingani haqidagi savolga hozirgi vaqtga qadar mantiqiy javob olinmadi. Bu ham jinoyat ishining noqonuniy qo‘zg‘atilgani va ushbu mablag‘lar qonunga xilof ravishda olib qo‘yilganini tasdiqlaydi, dedi advokat.

«Oddiy matematik hisob-kitoblar pullarning asossiz olib qo‘yilganidan dalolat beradi. Yuridik til bilan aytganda, olib qo‘yilgan pul mablag‘lari va xatlangan mol-mulklar ilgari surilgan ayblovdagi mablag‘lar bilan mos tushmaydi», — dedi himoyachi.

Advokat 400 ming dollarni Baxtiyor Abdusamatov oilasiga qaytarish zarur deb hisoblaydi.

Xatlangan avtomobillar

Himoyachining fikricha, xatlangan avtomobillarning jinoyat ishiga hech qanday aloqasi yo‘q va ular qonuniy egalariga qaytarilishi lozim. Jinoyat ishi materiallarida mashinalar pora sifatida berilganini tasdiqlovchi hech qanday ko‘rsatma yoki isbot yo‘q, dedi advokat.

Noqonuniy ishdan bo‘shatish

Bugungi kunga qadar Baxtiyor Abdusamatovga nisbatan vazifasidan ozod qilish bo‘yicha protsessual choralar qo‘llanilmagan. JPKning 255-moddasiga ko‘ra, vazifasidan chetlatish sud tomonidan amalga oshirilishi lozim. Tergov organlari Yunusobod tumani hokimi v. b. lavozimidan chetlatish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilmagan, materiallar prokuratura organlariga taqdim etilmagan, sudning tegishli qarori qabul qilinmagan.

Himoyachi tomon Baxtiyor Abdusamatovning Toshkent hokimining 3 oktyabrdagi qarori bilan ishdan bo‘shatilishini noqonuniy deb hisoblaydi.

Jinoyat tarkibining mavjud emasligi

JKning 210-moddasiga izoh berar ekan, advokat ushbu taqiqlangan harakat mol-mulk foydasi olish va pora oluvchining shaxsiy manfaatlarini qanoatlantirishni ko‘zda tutadi. Pora predmeti moddiy qimmatlik yoki ta’mirlash ishlari va boshqa ko‘rinishdagi xizmatlar bo‘lishi mumkin, biroq shaxsiy manfaatlarini qanoatlashtirishda, hech qanday davlat manfaatlari uchun emas, dedi u.

Jinoyat ob’ekti boshqaruv va davlat manfaatlari uchun o‘rnatilgan tartib hisoblanadi, biroq Baxtiyor Abdusamatov harakatlarida ularni buzmagan. Davlat mexanizmining murakkabligi shunda ediki, joriy etilgan boshqaruv tartibiga ko‘ra, amalda byudjet mablag‘lari taqchilligi sababli muayyan vazifaga erishish uchun homiylar jalb qilingan, dedi himoyachi.

Yunusobod tumani hokimi v. b. bo‘lib turgan Baxtiyor Abdusamatov shaxsiy manfaatlari uchun emas, faqatgina davlat va jamiyat oldidagi vazifalarni bajarishga harakat qilgan, dedi Timur Rahmatullayev.

«Tegishlicha, buni ijtimoiy xavfli harakat va korrupsion holat sifatida tan olmaslik kerak. Jamiyat uchun homiylik mablag‘larini yo‘naltirgan Baxtiyor Abdusamatovning harakatlarida jamiyat uchun qanday xavfi bo‘lishi mumkin» — so‘radi advokat.

«Profilaktika inspektorlarining xizmat kvartiralari, Yunusobod TIIB shahar militsiya bo‘limi, bolalar maydonchalarini ta’mirlash, yo‘llarni asfaltlash, kam ta’minlanganlar uchun uylar qurish, turar joy binolari fasadlari, hokimiyat binosini ta’mirlash, bayram tadbirlarini o‘tkazish va boshqalarda davlat va jamiyat manfaatlari mavjud, boshqa shaxslarning emas», — dedi u.

Bundan tashqari, Baxtiyor Abdusamatov harakatlaridan hech kimga zarar yetkazilmagani sud tergovi doirasida jarayon ishtirokchilari tomonidan tasdiqlandi. Bu esa JKning 205-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat tarkibi yo‘qligini ko‘rsatadi va u ushbu modda bo‘yicha sudlanishi kerak emas.

Birinchi sud instansiyasi doirasida protsessual qonunbuzarliklar mavjudligi munosabati bilan JPKning 95−1-moddasidan (dalillarning maqbul emasligi) foydalanish zarur, dedi himoyachi.

Advokat Baxtiyor Abdusamatovni JKning 205 va 210-moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor emas deb topish va uni oqlashni so‘radi.

Navbatdagi sud majlisi 6 mayga belgilandi.

«Gazeta.uz» keyingi materiallarda boshqa advokatlar va sudlanuvchilarning chiqishlarini yoritib boradi.