Joriy yil 1 may kuni Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalarining majlislari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator vazirlik va idoralar rahbarlarining 2019 yil birinchi choragida «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli vazifalarga erishish yo‘lida bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Majlislarda qo‘mitalarning a’zolari, tegishli vazirlik va idoralarning rahbar hamda mas’ul xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobot eshitildi.

Ta’kidlanganidek, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash mamlakatimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan faoliyat samaradorligini baholashning asosiy mezonlarini o‘z vaqtida hamda sifatli bajarish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, har bir tarkibiy bo‘linma ish rejalariga o‘zgartirishlar kiritilganligi va ular ijrosi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatilganligi qayd etildi.

Xususan, hisobot davrida respublikaning asosiy iqtisodiy rivojlanish prognoz parametrlarini tarmoqlar hamda hududlar kesimida monitoring qilish ishlari olib borildi. Natijalarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-mart oylarida yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,3 foizga o‘sganligi qayd etilgan. Bunda sanoat — 6,8 foiz, xizmatlar — 11,1 foiz, chakana savdo aylanmasi — 5,9 foiz va qishloq xo‘jaligi — 2,5 foizga o‘sishi iktisodiy yuksalishning asosiy omili sifatida xizmat kilgan. Mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti va keng qamrovdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jami investitsiyalar — 29,9 foiz va qurilish ishlari hajmining 5,9 foizga o‘sishida muhim omil bo‘lganligi ham alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan tarmoqlar va xududlar kesimida 2019 yil II, III va IV choraklar bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Unga ko‘ra 2019 yilning birinchi yarim yilligida YAIM o‘tgan yil mos davriga nisbatan 5,6 foizga oshishi kutilmoqda. Joriy yilning may oyida 0,20−0,25 foiz va iyun oyida esa 0,10- 0,20 foiz atrofida bo‘lishi kutilmokda. May va iyun oylarida pishiqchilik mavsumining boshlanishi inflyatsiya darajasini jilovlashning asosiy omillaridan biri bo‘ladi.

Vazirlik tomonidan har oy yakuni bo‘yicha mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari tahlili bo‘yicha materiallar doimiy ravishda Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borilayotganligi qayd etildi.