Joriy yil 1 may kuni Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalarining majlislari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan joriy yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot eshitildi.

Prezident tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni mamlakatimizning barcha hududlarida keng joriy qilish nazarda tutilgan. Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga uchinchi tashabbus — «Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish» bo‘yicha 2019 yil davomida 42 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bugungi kunda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani, Namangan viloyati Namangan shahri, Buxoro viloyati Kogon shahri, Xorazm viloyati Urganch shahrida mazkur markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularda joriy yil yakuniga qadar 86 ming nafardan ortiq yoshlarni o‘qitish va tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 10 yanvardagi qaroriga muvofiq Hindistonning dasturiy texnologiyalar texnoparki (STPI) bilan hamkorlikda ilg‘or tajriba asosida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil etildi. Bugungi kunda Texnopark binosini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Texnoparkni tashkil etish natijasida dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishida 200 dan ortiq korxona tashkil etish, 1000 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish, milliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishni kengaytirish va eksport ko‘lamini oshirish, axborot texnologiyalari yo‘nalishida qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Respublikadagi telekommunikatsiya operator va provayderlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida respublikada keng polosali uskunalar sig‘imi 1,12 mln portga, optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 30,1 ming km.ga yetkazildi. FTTx texnologiyasi asosida yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish xizmatlaridan foydalanayotgan abonentlar soni 652,5 ming nafarga yetkazilib, maqsadli ko‘rsatkichga erishish uchun operator va provayderlar tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Qishloq hududlarida axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida jami 318 ta zamonaviy multiservis uskunasi ishga tushirildi, 248 ta aholi maskanidagi 278 mingdan ortiq uy xo‘jaligida keng polosali tarmoqdan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Majlisda Qo‘mita a’zolari tomonidan «Xavfsiz shahar» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan dasturlarning ijro etilishi holatiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, joriy yil 14 yanvarda Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbek-Germaniya Biznes forumi doirasida umumiy qiymati 300,0 mln yevro miqdoridagi investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha «Atlas International» (Germaniya) kompaniyasi bilan kelishuv imzolangan. Bundan tashqari, «Huawei» kompaniyasi va Xitoyning boshqa kompaniyalari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida «Xavfsiz shahar» investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu munosabat bilan senatorlar bu yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.