1-may kuni ikkinchi yildirki Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Chirchiq” poligonida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasida tank biatloni bo‘yicha musobaqa start oldi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Mamlakat harbiy okruglari ekipajlari T-62, T-64 va T-72 rusumli tanklarda ishtirok etmoqda. Ular kechuv, tepalik, qiyalik, eskarp (tanklarga qarshi jarsimon jarlik — tahr.), tanklarga qarshi o‘ralar va minalashtirilgan maydonlardan o‘tishlari kerak. shundan so‘ng harbiy xizmatchilar asosiy zambarak va pulemyotdan nishonga aniq o‘q uzishda musobaqalashadi.

Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik Baxtiyor O‘rolboyevning ta’kidlashicha, eng yaxshi natijalarni qayd etgan harbiy xizmatchilar mamlakat sharafini jahon arenasida himoya qiladi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tankchilari joriy yilda Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etadi.

Tank ekipajlari bellashuvining finali 5-may kuni “Chirchiq” poligonida 9:00 da boshlanadi. Kirish erkin. Musobaqalardan tashqari, bayram konserti hamda zamonaviy va Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi texnikalar namoyishi ham bo‘lib o‘tadi.

Foto