Kecha, 30 aprel kuni Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) bokschilarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Bu haqda Olamsport.com xabar berdi.

Unga ko‘ra, 27 aprel kuni amerikalik Emmanuel Teylorni mag‘lubiyatga uchratib, WBA Intercontinental kamari sohibiga aylangan Shahram G‘iyosov birinchi yarimo‘rta vazn toifasi (-63,50) reytingida 14-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ushbu vazndagi boshqa bir o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev o‘tgan oydagi kabi 4-pog‘onada qolgan.

Aprel oyida prof ringda jang o‘tkazmagan Isroil Madrimov (birinchi o‘rta vazn toifasida, -69 85 kg) bir pog‘onaga pastlab, 7-o‘rindan joy oldi.

Ikkinchi yarimengil vazn toifasidagi (-55,34) Murodjon Ahmadaliyev birinchi o‘rindan ikkinchi pog‘onaga pastlagan. Uning o‘rnini ushbu vazndagi vaqtinchalik chempion Brendan Figueroa (AQSH) egalladi. Tez orada Murodjon Ahmadaliyev birdaniga ikkita chempionlik kamari uchun jang qiladi. Bu borada 90 kun ichida aniq ma’lumot bo‘lishi kutilmoqda.