1 may kuni Qozog‘istonning beshta shahri: Nur-Sulton, Olma Ota, Semey, Qarag‘anda va Oqto‘beda ruxsatsiz namoyishlar bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi mamlakat IIV matbuot xizmati.

Nur-Sultonda odamlar Respublika shoh ko‘chasi va Kenesar ko‘chasiga, Olma Otada — Gorkiy bog‘iga chiqdi. Yig‘ilganlar adolatli va xalol saylov o‘tkazishga chaqirdi, deb yozmoqda Tengrinews.

«Aksiyalar ishtirokchilariga ijtimoiy va boshqa muammoli masalalar bo‘yicha o‘z fikrlari va ijtimoiy nuqtai nazarlarini erkin va ochiq ifoda etish imkoniyati taqdim etildi. Biroq Nur-Sulton va Olma Ota shaharlarida yig‘ilganlardan ayrimlari o‘zlari tajovuzkorono tutib, taqiqlangan „DVK“ („Qozog‘iston demokratik saylovi“) ekstremistik tashkilotining shiorlarini aytishni boshladi, jamoat tartibini buzdi», — deyiladi IIV xabarida.

Nur-Sulton va Olma Otada politsiya talablariga bo‘ysunmagan 80 fuqaro qo‘lga olindi. «Ularning harakatlariga qonunda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi», — deyiladi IIV.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 20 mart kuni o‘z vakolatini to‘xtatgan edi. Bunga qadar Qozog‘iston parlamenti Senati raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan Qosim-Jomart Tokayev uning vazifasini bajarishga kirishdi. Aprelda muddatidan avvalgi saylov 9 iyunda bo‘lib o‘tishi e’lon qilindi. Qozog‘iston «Nur otan» partiyasi saylovda o‘z nomzodi sifatida Qosim-Jomart Tokayevni ilgari surdi. Prezident lavozimiga jami to‘qqiz nomzd da’vogarlik qilmoqda.