Sherzod Rafatovich Xadjizadayev Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Chorshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida «Har bir oila — tadbirkor» dasturi ijrosini sifatli tashkil etish, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Axborot manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilishda yosh oilalarga imtiyozli kreditlar ajratish va kreditlarni o‘zlashtirish dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar tanqid ostiga olindi. Poytaxt ma’muriyatida ushbu yo‘nalishda mas’ul hisoblangan Sherzod Xadjizadayev vazifasidan ozod qilindi.

Sherzod Xadjizadayev (1973 y. .) 2018 yil 4 oktyabr kuni Toshkent hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. Unga qadar Markaziy bank raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Davlat rahbari matbuot xizmatining qayd etishicha, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi ijrosi joylarda mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgan uchun respublika komissiyasi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Markaziy bank hududiy boshqarmalari rahbarlari ogohlantirildi.