Murabbiy Sergey Lushan «Bunyodkor» klubida qolib ketgan qarzlari bo‘yicha davlat organlariga murojaat qilgan. Bugun «Bunyodkor» klubi ofisi muhrlangani va klubga tegishli avtobuslardan foydalanish taqiqlab qo‘yilgani haqida xabarlar chiqdi. Championat.asia sayti ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida «Bunyodkor» klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzayevga murojaat qildi.

«To‘g‘ri Chilonzor MIB vakillari kelib «Bunyodkor» klubiga tegishli avtobus, yengil avtomobillarni band qilishdi. Ya’ni transport vositalaridan foydalanish taqiqlab qo‘yildi. Xodimlarimiz ishlaydigan ofislar esa muhrlandi. Bugun ushbu holat yuzasidan Respublika Majburiy Ijro Byurosiga bordim. Aslida Lushan talab qilayotgan summani bitta avtobusni sotish orqali to‘lab yuborishimiz mumkin. Shu bois ofislarimiz muhrlanishi ortiqcha edi. Vaziyat ko‘pchilik o‘ylaganchalik vahimali emas. «Bunyodkor» klubi ko‘p qiyinchiliklardan o‘tdi, bundan ham o‘tadi. To‘g‘ri ayni paytda klub hisob raqamida buncha pul yo‘q. Ammo yaqin kunlarda bir qator reklama hamkorlarimizdan pul tushishi kutilmoqda. Bundan tashqari «Paxtakor» klubi Akrom Komilov bizning akademiyamizda o‘qigani uchun pul o‘tkazishi lozim, Shohruz Norxonovni «So‘g‘diyona"ga transfer qilganmiz, Davron Umirovni ijaraga berganmiz. Mana shu pullar tushishi bilan «Bunyodkor» bu muammoni hal qiladi. Bu yilgi xarajatlar smetasida ko‘zda tutilmagan juda ko‘plab xarajatlar paydo bo‘layotganidan futbol jamoatchiligi juda yaxshi xabardor.

2015−2016 yillarda «Bunyodkor"da ishlab ketgan Sergey Lushan va Baxtiyor Boboyev Lushanning bosh murabbiy sifatidagi shartnomasiga 2015 yil uchun 400 million so‘m, 2016 yil uchun ham 400 million so‘m, jami 800 million so‘m ko‘tarma pullarini yozishgan ekan. Lekin negadir Boboyev rahbarligida bu pullarni olishmagan va hozirgacha qarz to‘lanmay kelmoqda. Zukko futbol muxlislari Lushan nima maqsadda har yili jamoaga yangi legionerlarni olib kelganini juda yaxshi bilishadi. Shuncha yil bu jamoada ishlaganlar insoniylikni bir chetga surib qo‘yishdi.

Yakunda shuni aytmoqchimanki, yaqin kunlar ichida biz ham Sergey Lushan ustidan davlat pullarini o‘zlashtirish bo‘yicha prokuraturaga ariza yozamiz. Bu murabbiy qo‘l ostida «Bunyodkor» hozirgidan bir necha barobar katta smetaga ega bo‘lgan va Osiyo chempionlar ligasida bironta o‘yinda g‘olib bo‘la olmagan yillar ham bo‘lganini barcha yaxshi eslaydi", — deydi Ulug‘bek Mirzayev.