Toshkent IIBB Yunusobod tumanidagi 23-mehribonlik uyining 15 yoshli tarbiyalanuvchisi R. S.ning do‘pposlanishi yuzasidan izoh berdi. Bolaga tan jarohati yetkazilgani to‘g‘risidagi ma’lumot avvalroq Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan edi.

IIBB ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent prokuraturasi 30 mart kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. 7 aprel kuni ish kelgusida tergov qilinishi uchun Yunusobod tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga taqdim etilgan. Tergov davom ettirilmoqda.

Sud-tibbiy ekspertiza ma’lumotlariga ko‘ra, bolada yengil tan jarohati aniqlangan. Bolalar uyi tarbiyachilaridan biri uni do‘pposlaganlikda gumon qilinmoqda.

Hozirda o‘smir Toshkent IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida psixologlar va tarbiyachilar nazorati ostida, deya qayd etdi matbuot xizmati.