Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida o‘gay onasini pichoqlab o‘ldirgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi va unga 17 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

17 yoshga to‘lgan Nurullo Mamasidiqov onasi vafot etib, singlisi bilan yetim qolganlaridan so‘ng otasi Sahobiddin aka Ziyayev uch bora uylansa ham ro‘zg‘ori tinch bo‘lavermagach, 2009 yilda F.Ziyayevaga sha’riy nikoh bilan uylandi. Nurullo oilaga yordam berish, ro‘zg‘orga baraka kiritish maqsadida ishlash uchun Rossiyaga ketdi. U yerdan ora-orada kelib-ketib yurib, 7 yil ishlab qo‘ydi. Ishlab topib, uyiga yuborgan barcha pullari o‘gay onasining saqlovida bo‘ldi. Oilaning mustahkamligini yanada pishiqlab qo‘yish maqsadida bo‘lsa kerak, er-xotin S.Ziyayev va F.Ziyayeva rasman nikohdan o‘tib olishdi.

Nurullo qishloqqa qaytib kelgan kezlari qassobchilik bilan shug‘ullanardi. Ichmaydigan, chekmaydigan bu yigitni hamma hurmat qilardi. 2017 yil avgust oyida Nurullo uylandi-yu, Rossiyaga borib ishlashni butkul bas qildi. Bundan buyog‘iga tinchgina qassobchilik kasbi bilan shug‘ullanishni boshlab yubordi. Ammo otasi o‘g‘lining Rossiyada ishlab topgan va o‘gay onasining saqlovida bo‘lgan pullari borligidan xabar topgach, oilada o‘zaro kelishmovchilik, janjallar boshlandi. 2018 yil fevral oyida F.Ziyayeva otasining uyiga arazlab ketib qoldi. Er-xotinning janjallariga mahalla-ko‘y aralashdi, ikkala tomonni yarashuvga chaqirishdi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgandek edi.

Shunday kunlarni birida kutilmaganda F.Ziyayeva fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudiga da’vo ariza bilan murojaat qilib, eri bilan yashab kelgan umumiy mulk hisoblangan uyni asl holicha bo‘lib berishni talab qildi. Sudning hal qiluv qaroriga asosan uning da’vo talabi qanoatlantirilib, uy-joy ikkiga bo‘linib, xonadonning Nurullo Mamasidiqov oilasi bilan yashab kelayotgan qismi F.Ziyayevaga berilishi belgilandi.

Ushbu voqeadan so‘ng oiladagi kelishmovchiliklar yanada taranglashdi. Bu orada o‘gay ona kasal bo‘lib qolib, shifoxonaga tushib qoldi va operatsiya bo‘lib, otasini uyiga qaytib keldi. Otasini uyidagi o‘zaro maslahatdan so‘ng F.Ziyayeva erining uyiga borib yashash istagini bildirdi. Tabiiyki, u uyiga qaytib kelgach, janjal yanada kuchayib, nihoyat o‘gay ona hovlidagi bitta xonaga kiritildi. S.Ziyayev endi xotini bilan yarashish harakatiga tushib qoldi.

O‘gay onasi bilan otasini yarashishiga o‘g‘il Nurullo ham tarafdor bo‘la boshladi. Chunki o‘gay ona tinimsiz Nurullo Rossiyada ishlab topgan pullari evaziga qurib bitkazilgan, xotini va bir nafar farzandi bilan yashayotgan uyni aynan berishlarini talab qilayotgandi. Bunday talab birinchi galda Nurulloga yoqmayotgan bo‘lsada, murosai-madora qilish istagida o‘gay onasidan otasiga qo‘shilib hovlidagi uylarning eski qurilgan tarafini olishini so‘rab, iltimos qilishlar boshlandi.

Nihoyat bu ishga mahalla faollari ham aralashdi. Mahalla oqsoqoli boshchiligida bu xonadonga tashrif buyurganlar bir ovozdan o‘gay ona F.Ziyayevadan hovlidagi eski qurilgan uylarni olishini, bunga rozi bo‘lishi lozimligini so‘rashdi. Ammo o‘gay ona faqat Nurullo oilasi bilan yashayotgan yangi qurilgan qismini olishini bildirib, qaysarlik qilib turib oldi. Nurullo ham otasi bilan birgalikda uyning eski qurilgan qismini berishga rozi ekanliklarini bildirishdi. F.Ziyayeva oxiri bu masalada advokati bilan maslahatlashib olishi lozimligini bildirib, faollarni hovlidan chiqarib yubordi. Ertasi kuni yana hovliga kirib kelgan faollarga qarata u faqat uylarning yangi qurilgan qismini olishi mumkinligini, eski qismi kerak emasligini bildirib, oxirgi so‘zini aytdi-qo‘ydi.

Mash’um voqea ro‘y bergan kuni Nurullo uyda o‘gay onasi bilan qolgandi. Chet elda qiyinchilik bilan topgan pullari evaziga qurilgan uyini o‘gay onasiga o‘tib ketayotgani unga alam qilardi. O‘z so‘zida qat’iy turib olgan o‘gay onasining esa dahanaki gap talashish paytida aytgan gaplari uni yanada junbushga keltirdi. Nurullo qo‘liga o‘tkir pichoqni oldida o‘gay onasini tana qismlariga o‘ta shafqatsizlarcha urib, uning qotiliga aylandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida o‘gay onasini o‘ldirgan sudlanuvchi Nurullo Mamasidiqovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi va u 17 yil ozodlikdan mahrum etish bilan jazolandi.