Samarqand viloyatida o‘tgan 2018 yilning birinchi choragida qiymati 69,7 million AQSH dollariga teng tovarlar eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida qiymati 85,5 million AQSH dollari miqdoridagi tovarlar eksport qilindi. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan tovarlar eksporti 23 foizga o‘sgani ko‘rsatadi, deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Jartepa» chegara bojxona postining ochilishi ikki davlat ishbilarmonlari va tadbirkorlari uchun ham katta imkoniyat eshigini ochdi. Bugungi kunda samarqandlik tadbirkorlar Tojikistonga, jumladan, So‘g‘d viloyatiga gilam va gilam mahsulotlari, elektrotexnika vositalari, mineral va kimyoviy o‘g‘itlar, parranda-naslchilik, qishloq xo‘jalik va boshqa mahsulotlarni eksport qilmoqda.

Mazkur bojxona posti xodimlarining samarali mehnat faoliyat olib borishlari natijasida post orqali harakatlanayotgan eksportga yo‘naltirilgan yuk avtomashinalari tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib kelinmoqda.

Eksportga yo‘naltirilgan yuk avtotransport vositalarining bojxona chegaralari orqali harakatlanishi kun sayin ortib borayotir. Chegara o‘tkazish punktlarida esa tirbandliklarini oldini olish maqsadida bojxona nazoratining zamonaviy texnik vositalari bazasi doimiy yangilanmoqda.

Bu borada Davlat bojxona qo‘mitasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan mazkur chegara bojxona posti orqali fuqarolar va transport vositalarining harakatini nazorat qilish video-kuzatuv tizimi orqali onlayn tarzda olib borilmoqda.

Bundan tashqari tadbirkor va haydovchilar uchun Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan yana bir qulaylik jihati, endilikda www.bojxona.uz bojxona rasmiy veb-saytining «Tadbirkorlar uchun zarur ma’lumotlar» rukni orqali chegara bojxona postlarida navbatda turgan avtotransport vositalari soni, bojxona yuk deklaratsiyalarining rasmiylashtiruvdagi holati va ochiq turdagi bojxona omborlari bo‘yicha onlayn ma’lumotlar olish imkoniyati yaratilgan.

Shuning bilan birga eksport tovarlarini bojxona nazorat zonasidan tezda o‘tkazish uchun «Jartepa» chegara bojxona posti darvozasiga"Eksport rejimiga rasmiylashtirilgan yukli avtotransport vositalari navbatsiz harakatlanadi", «Eksport yo‘nalishi bo‘yicha savollar yuzasidan (66) 230−42−42 raqamiga murojaat qilishingiz mumkin» nomli eslatma belgisi o‘rnatilgan.