O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori Otabek Murodov Koreya Respublikasi bosh prokurori Mun Mu Il boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv davomida mehmonlarga prokuratura organlarida bo‘layotgan asosiy yangilanish jarayoni haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan ikki davlat bosh prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlik professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish va shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish orqali izchillik bilan rivojlanayotganligi ta’kidlandi.

Hamkorlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar va idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar.

Koreya delegatsiyasining tashrifi shakllangan sermahsul aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash yo‘lida muhim qadam ekanligi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida janob Mun O‘zbekiston bosh prokuroriga samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, o‘zaro manfaatli idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.