Vazirlar Mahkamasining “Jizzax shahrida to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan"O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasining “Elegans Teks” QK MCHJga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar negizida “Sh. Rashidov nomli to‘qimachilik kombinati” MCHJni barpo etish yo‘li bilan yagona muassisi — “Jizzakh Textile” XK MCHJ bo‘lgan “Zamonaviy to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Mazkur obyekt 20 yil mobaynida ishlamayapti va ishlab chiqarishni tiklash uchun ushbu maydonlardagi barcha bino va inshootlarni to‘liq rekonstruksiya qilish talab etiladi.

“Jizzakh Textile” XK MCHJ muassislari yig‘ilishida yillik quvvati 12,0 ming tonna ip-kalava, shuningdek, uni qayta ishlash mahsulotlari — 3,0 mln komplekt yotoq choyshabi va 13,0 mln dona tikuv buyumlari ishlab chiqarishni tashkil etish, yangi ishlab chiqarishni 2021-yilning ikkinchi yarim yilligida ishga tushirgan va ob’ekt negizida 2550 yangi ish o‘rinlari yaratgan holda investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi 2018-yil 19-iyuldagi qarori bilan jamiyat ustav fondida 24 foiz ulushga ega bo‘lgan “Portway LLC” (AQSH) Jamiyat a’zolari tarkibidan chiqargan.

Jamiyat a’zosi — “‘New Light General Trading FZCO” kompaniyasi (BAA) Jamiyat ustav fondidagi o‘z ulushini mustaqil baholash tashkiloti tomonidan aniqlangan bozor qiymatida — 4,47 mlrd so‘mga sotish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga murojaat qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining:

“New Light General Trading FZCO” kompaniyasidan (BAA) Jamiyat ustav fondidagi 26 foiz ulushni bozor qiymatida sotib olish;

Jamiyatning butun mol-mulkini “Sh.Rashidov nomli to‘qimachilik kombinati” MCHJga 11,5 mlrd so‘m qiymatda, 15 foiz avans to‘lovi amalga oshirilgandan keyin ob’ektga egalik huquqini rasmiylashtirish, sotib olish summasi qoldig‘iga foiz hisoblamasdan va sotib olish to‘lovlari bilan qoplanmaydigan qarzdorlikni hisobdan chiqarish sharti bilan sotish;

“Sh.Rashidov nomli to‘qimachilik kombinati” MCHJga sotilayotgan ob’ektning qiymatini ikki yillik imtiyozli davr bilan 7 yil mobaynida teng ulushlarda amalga oshirish huquqini berish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlandi.