Toshkentning Mirobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasida davolanayotgan bemorga nisbatan shafqatsizlik qilinayotgani to‘g‘risidagi xabar bo‘yicha tergov oldi tekshiruvini o‘tkazmoqda. Bu haqda Toshkent IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Avvalroq internetda Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasida davolanayotgan A.I. ismli kishining turmush o‘rtog‘ining murojaati e’lon qilingan edi. U o‘z murojaatida tibbiyot xodimlarining bemorlarga nisbatan shafqatsizlik qilayotganini ma’lum qilgan.

25 aprel kuni 102 raqamiga yuqoridagi bemorning qarindoshi bo‘lgan R.A. ismli fuqarodan kelib tushgan xabarga ko‘ra, tibbiyot xodimi A.I. ismli bemorga tan shikastlari yetkazgan, deyiladi IIBB xabarida.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra qonuniy choralar ko‘riladi, deya qayd etdi matbuot xizmati. Ushbu murojaat Toshkent shahar prokuraturasi nazorati ostiga olindi.