Buxoro viloyat hokimligida haftaning chorshanba kuni mahalliy va xorijiy tadbirkorlarning loyiha takliflarini ko‘rib chiqish an’anaga aylandi. Navbatdagi tadbirda ham ko‘plab istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi. Taqdimotda shahar va tumanlarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 18 ta loyiha namoyish etildi. Bu haqda viloyat hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihalarda asosan xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish, qishloq xo‘jaligiga yangicha innovatsiya va texnologiyalarni keng jalb qilish orqali yerlardan unumli foydalanish, chorvachilik va parrandachilik klasterlari yaratish tashabbusi ilgari surilgan.

Ulardan biri Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilayotgan «Sultan Texno Groups» MCHJga qarashli shisha mahsulotini qayta ishlash korxonasidir. Umumiy qiymati 9 mlrd 240 mln so‘m bo‘lgan mazkur loyihaning asosiy qismi tashabbuskorning o‘z mablag‘lari, shuningdek, «Hamkorbank» tomonidan ajratilishi ko‘zda tutilgan 504 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi. Loyiha to‘la quvvat bilan ishlaydigan bo‘lsa, 40 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Umuman olganda, tadbirda umumiy qiymati 125 mlrd 304 mln bo‘lgan, shundan 7 mln 406 ming AQSH dollaridan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar ishtirokidagi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Viloyat rahbari loyihalar bilan tanishar ekan, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, tashabbuskor tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtaldi. Birinchi navbatda sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirish va uni qayta ishlashni kengaytirish, aholini ushbu mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash, eksportini oshirishda, natijada aholining turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Loyihalar amalga oshirilishi natijasida 451 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.