To‘ra Bobolov Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi. O‘zAning xabar qilishicha, 1 may kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Hududda tashrif bilan bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan To‘ra Bobolov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya qildi.

Yangi hokimga Surxondaryoning iqtisodiy-ijtimoiy sharoitini yaxshi bilishi, viloyat xalqi, tuman hokimlari va sektorlar rahbarlari hamjihat bo‘lib, belgilangan vazifalarni to‘la bajarishiga ishonch bildirildi.

To‘ra Bobolov (1970 yilda tug‘ilgan) mehnat faoliyatini viloyat davlat mulki boshqarmasida hisobchilikdan boshlagan. Keyinchalik Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, viloyat hokimligida hududlarni kompleks rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Surxondaryo viloyatining avvalgi hokimi Bahodir Po‘latov aprel boshida vazifasidan ozod qilingan edi.