Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 42-sonli manzil-koloniya tezkor xodimi podpolkovnik A. Abrorov o‘z xizmat xonasida osilgan holda topildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, A. Abrorovning (1982 yilda tug‘ilgan) jasadi 28 aprel kuni taxminan 9:30 da topilgan. U sport velotrenajerining rul qismiga xizmat kiyimining charm kamari bilan bo‘yin qismini sirtmoq qilib, unga o‘zgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasida o‘lim bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan siqilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya, miya va o‘pka shishishi oqibatida kelib chiqqani qayd etilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.