«Yandeks Xarita» xizmati Toshkent jamoat transporti yo‘nalishlarini ko‘rsatishni boshladi. Ular yordamida kerakli joyga avtobus, metro yoki yo‘nalishli taksi bilan qanday borishni bilish mumkin, deya xabar qildi kompaniya Telegram-kanalida.

Jamoat transporti haqidagi ma’lumotlar ham mobil ilovada, ham kompyuter talqinida aks ettiriladi. Xaritada avtobus bekatlari, ular orqali o‘tuvchi yo‘nalishlar hamda kelish vaqti va transport almashtirish joylari qayd etiladi.

Xabarda keltirilishicha, Tashtrans.uz sayti ma’muriyati «Yandeks"ga yangi xizmatni joriy etishda axborot ko‘magini ko‘rsatdi.

Avvalroq «Yandeks» O‘zbekiston uchun bir nechta ommaviy ilova va xizmatlarni mahalliylashtirgan edi. Jumladan, mart o‘rtalarida Toshkentda «Yandeks Metro», yanvarda — «Yandeks Tirbandliklar», 2018 yilda — «Yandeks Mahalla» va «Yandeks Musiqa»xizmatlari, shuningdek «Yandeks Navigator» ilovasi ishga tushirildi. O‘tgan yilning aprelida ishga tushirilgan «Yandeks Taksi» xizmati keng ommalashdi.