Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov taklifi asosida Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining arxitektura fakulteti professor o‘qituvchilari va talabalari Samarqand shahri Spitamenshoh ko‘chasida joylashgan hududida «Vatanparvar bog‘i"ning loyiha-taklifini tayyorlashdi. Bu haqda Zarnews.uz xabar berdi.

2019 yilning 24 aprel kuni mazkur bog‘ning bir necha loyiha-taklif taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti.

Loyiha-takliflaridan asosiy maqsad — boqqa tashrif buyuradigan yosh avlod vakillarida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan.

Viloyat hokimi barcha taklif loyihalar bilan tanishganidan so‘ng, asosiy loyiha-taklifiga ba’zi o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Loyiha uchun ajratilgan maydon 5424 kv. metrni tashkil qilib, hududda quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

1. Harbiy texnikalar ko‘rgazmasi hududi;

2. Qiziqarli harbiy o‘yin va mashqlar hududi;

3. Ko‘ngilochar attraksionlar hududi;

4. Harbiy tarixiy muzey va qahramonlar alleyasi;

5. Umumiy ovqatlanish va suvda dam olish hududi.

Loyihada Samarqand shahri xalqi uchun yangilik hisoblangan osma kanat yo‘li, velodrom va elektron o‘qotar majmualarini barpo etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, harbiy tarixiy muzey zamonaviy axborot kommunikatsiyalari asosida tashkil qilinadi. Aksariyat eksponatlar elektron shaklda namoyish etishga mo‘ljallanadi.

Bundan tashqari, «Qahramonlar alleyasi, tarixiy sarkarda va xalq qahramonlari» haykallari bilan bezatiladi. Bog‘ hududidagi mavjud ko‘l asosida suv ustida dam olish majmuasi tashkil qilinadi. Turli tantanaviy marosimlarni o‘tkazish uchun ko‘p funksiyali maydon va mobil amfiteatr loyihalanishi rejalashtirildi.