1 may kuni Kaspiy dengizi hududidan O‘zbekistonga nam havo oqimlari kirib keladi, deya xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati O‘zgidrometga tayangan holda.

Mamlakatning shimoliy hududlarida kechasi va ertalab, kunning ikkinchi yarmida esa Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kechasi +10…+15, kunduzi — +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi.

2−4 may kunlari butun O‘zbekiston hududida kam bulutli ob-havo hukmronlik qiladi, bu muddatda yomg‘ir yog‘ish ehtimoli juda past.

Havo harorati kechasi +10…+15, 2−3 may kunlari kunduzi — +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi, 4 maydan Turkmaniston hududidan issiq havo oqimlari kirib kelishni boshlaydi, kunduzgi harorat oshadi, ayniqsa shimoli-g‘arbiy hududlarda +23…+28 daraja, ayrim joylarda esa +30…+32 darajaga qadar ko‘tariladi.

Sinoptiklarning qayd eishicha, bunday ob-havo ushbu davr uchun me’yoriy holatdan o‘rtacha 3−5 daraja yuqori demakdir.