Sudlanuvchi Z. Ravshanqulov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) yo‘l harakati qoidalari talablarini buzib, fojia ro‘y berishiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Narpay tumani sudining raisi Ilhom Qoraboyev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

U o‘tgan yilning 6 oktyabr kuni ertalab soat 8:30 larda tumanning Tepaqo‘rg‘on mahalla fuqarolar yig‘ini xududidan o‘tgan «M-37» avtomobil yo‘lining 96 kilometrida o‘ziga tegishli «Kobalt» rusumli avtomashinani «Samarqand — Buxoro» yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib borayotib, yo‘l harakati qoidalarining 11-bandi va 77-bandi shuningdek, 78-bandi talablarini qo‘pol ravishda buzadi.

Yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga velosipedga mingashgan holda o‘tayotgan voyaga yetmagan aka-singilni urib yuboradi. Ko‘ngilsiz hodisa oqibatida voyaga yetmagan qizaloq voqea joyida, voyaga yetmagan o‘g‘il esa, olgan tan jarohatlari sabab shifoxonada vafot etadi.

Sudlanuvchi Zoir Ravshanqulovning yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatining pastligi, amaldagi tartib-qoidalarga rioya etmagani ikki nafar norasidaning hayoti bevaqt xazon bo‘lishiga, bir oilaning boshiga kutilmaganda og‘ir musibat tushishiga sabab bo‘ldi.

Amaldagi qonunlarda yo‘l-transport hodisasi yuz bergan chog‘da jabrlanuvchilarga zudlik bilan yordam ko‘rsatgan, ulardan kechirim so‘ragan, moddiy madad bergan, dafn va boshqa marosimlarida ishtirok etgan shaxslarga yengillik berilishi belgilab qo‘yilgan. Sudlanuvchi Z. Ravshanqulov va uning yaqinlari bu fojiadan so‘ng marhumlarning ma’rakalariga qatnashmagan. Jabrlanuvchilarning oilasidan kechirim so‘ramagan. Keyinchalik sudlanuvchi moddiy yordam taklif qilganida esa, jabrlanuvchi uni rad qilgan.

Jabrlanuvchi Sh. Mamatqulov ushbu jinoyat ishi sudda ko‘rilayotgan paytda sudlanuvchi Z. Ravshanqulovga nisbatan qonunda ko‘rsatilgan eng og‘ir jazo chorasini tayinlashni so‘radi.

Sud sudlanuvchi Z. Ravshanqulovni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor topdi va uni uch yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qildi. Sudlanuvchi umrining 8 yil 6 oyini temir panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi.

Sud o‘z navbatida, jabrlanuvchi Sh. Mamatqulovga moddiy hamda ma’naviy zararlarni sudlanuvchi Z. Ravshanqulovdan undirish bo‘yicha umumiy asoslarda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligini tushuntirdi.