Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida turli sohalarda noqonuniy ravishda ishlayotgan 49 ming 610 nafar fuqaro jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi, deya xabar qildi poytaxt DSB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Xususan, sanoat korxonlarida ishlayotgan 21 ming 140 nafar, qurilish korxonalaridagi 5 ming 80 nafar, chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish korxonarida 8 ming 853 nafar, transport va xizmat ko‘rsatish korxonalarida faoliyat yuritayotgan 1 ming 869 nafar, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan norasmiy ravishda yollangan 1 ming 935 nafar va boshqa korxonalarda ishlayotgan 10 ming 733 nafar fuqaro jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘lovchisiga aylandi.

Shu bilan bir qatorda, soliq xizmati organlari tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga qaramasdan, fuqarolarni noqonuniy ravishda ishga jalb qilish holatlari uchramoqda. Jumladan, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan Sergeli tumani, Yangi Sergeli ko‘chasida faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish tadbirlarida 15 nafar fuqaro mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlayotgani aniqlandi.

Huddi shuningdek, poytaxtning Mirobod tumani, Afrosiyob ko‘chasida joylashgan savdo do‘koni faoliyati o‘rganilganida, davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilgan hisobotlarda ko‘rsatilmagan 22 nafar fuqaro norasmiy ravishda ishlayotgani aniqlandi.

Qayd etilishicha, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 12 foiz miqdoridagi yagona stavkasi joriy etilgani, pensiya jamg‘armasiga 8 foiz miqdoridagi sug‘urta badali to‘lovi bekor qilingani hamda yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 12 foizgacha pasaytirilgani bugun o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Tadbirkorlar yangi soliq konsepsiyasi bergan imkoniyatlarni yaxshi anglagan holda norasmiy yollangan fuqarolar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomasini ramiylashtirmoqda. Natijada, soliq bazasi kengaymoqda, deya qayd etdi poytaxt DSB matbuot xizmati.