Prezident Shavkat Mirziyoevning 29-apreldagi farmoni bilan Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va uni joriy yilda amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Yo‘l xaritalari har yil uchun alohida qabul qilinadi.

Hujjatda xalq ta’limi sohasidagi muammo va kamchiliklar sanab o‘tilgan. Jumladan:

  • bolalarni o‘qishga qabul qilishda va ta’lim jarayonidagi korrupsiya;
  • matematika, fizika, kimyo, informatika, ingliz tili va boshqa xorijiy tillar o‘qituvchilarining yetishmasligi, tog‘ va cho‘l hududlarida o‘qituvchilarning yetishmasligi;
  • ayrim maktablarda o‘quvchilar soni sinfda o‘quv jarayoni sifatining keskin pasayishiga olib keladigan darajada oshib ketgan;
  • darsliklarni yaratish tizimida xilma-xillikning yo‘qligi ularni yaratish va nashr qilishni monopolllashtirishga omil bo‘lib qolmoqda hamda ularning mazmuni, metodikasi va nashr sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
  • maktablarning sport zallari va maydonchalari kerakli inventarlar bilan jihozlanmaganligi, sinf xonalarida o‘quv mebel jihozlari, laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasining yetishmasligi, ularning o‘z vaqtida yangilanmasligi, ota-onalarning ta’lim tizimiga nisbatan e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda;
  • 11 yillik ta’limga o‘tilgani munosabati bilan qo‘shimcha o‘quvchi joylariga ehtiyoj yuzaga kelgan;
  • xalq ta’limi tizimida moliyalashtirish va mablag‘larni taqsimlash tizimi samaradorligi va shaffofligi ta’minlanmagan.

Inson kapitalini mehnat bozorida va umuman mamlakatda o‘quvchining raqobatbardoshlik даражасини belgilovchi asosiy omil sifatida rivojlantirish xalq ta’limi tizimining strategik maqsadi etib belgilandi.

Mazkur konsepsiya ta’lim tizimini rivojlantirishning quyidagi yo‘nalishlarini belgilab berdi:

  • uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish;
  • xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish;
  • xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlashning samaradorligini oshirish;
  • yoshlarni tarbiyalash va ularning bandligini ta’minlashda maktabdan tashqari ta’limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish;
  • davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hisobiga davlat ta’lim tizimida raqobat muhitini kengaytirish;
  • yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;
  • xalq ta’limi tizimida faoliyat ko‘rsatishning jozibadorligini oshirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish.

O‘zbekistonning 2030 yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish ko‘zda tutilgan.

Ushbu muddatga qadar STEAM-fanlarni hisobga olgan holda innovatsion iqtisodiyot talablariga javob beruvchi yangi davlat ta’lim standartlari va dasturlari joriy etilishi lozim.

Barcha maktablarda o‘quvchilarning ID-kartalarini joriy etish, barcha ta’lim muassasalarini to‘liq internetga ulash va avtomatlashtirilgan o‘quv jarayonini joriy etish rejalashtirilmoqda.