Shimoliy Jorjiya universiteti (AQSH) pedagogik ta’lim professori Karli Vomak-Vinn O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziriligi maslahatchisi bo‘ldi.

XTV matbuot xizmatining xabar qilishicha, mutaxassis ikki oy mobaynida davlat ta’lim standartlarini baholashga va qayta ko‘rishga yordam beradi. Xususan, ta’lim jarayoniga STEAM dasturini (S — science, T — technology, E — engineering, A — art, M — mathematics) joriy etishda o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda maslahat berib boradi.

Karli Vomak-Vinn mutaxassislar uchun Fulbrayt dasturi (Fulbright Specialist Program) doirasida XTV maslahatchisi sifatida jalb qilindi. Dastur tajriba almashish uchun AQSHdan yuqori malakali mutaxassislar yoki olimlarni jalb qilish imkonini beradi. Professor O‘zbekistondagi faoliyatini sentyabrdan boshlaydi.