Minsk traktor zavodi (MTZ) Toshkent viloyatining Olmaliq tumanida istiqomat qiluvchi 100 yoshli Ikkinchi jahon urushi faxriysi Abdurahim Mavlonovga traktor sovg‘a qildi, deya xabar berdi Belarusning O‘zbekistondagi elchixonasi. «Belarus 82.1» rusumli traktor kalitini faxriyga ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Leonid Marinich topshirdi.

Abdurahim Mavlonov Belarusni ozod qilishda ishtirok etib, ushbu hodisaning 65 va 70 yilligi munosabati bilan yubiley medallari bilan taqdirlangan. U joriy yilda xotira sanasi munosabati bilan taqdirlanadi.

«Traktor Mavlonovlar oilasining dehqon (fermer) xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi ishlarida foydalaniladi», — deyiladi xabarda.

Tantanali marosimda Toshkent viloyati va Olmaliq tumani hokimliklari, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasidan rahbarlar, Belarus elchixonasi hamda shahar jamoatchiligidan vakillar ishtirok etdi. Jami 500 nafardan ziyod mehmon qatnashdi.