Samarqand shahrida viloyat ichki ishlar boshqarmasining yangi tashkil etilgan xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi hamda «Situatsion markaz» uchun bunyod etilgan bino foydalanishga topshirildi. Bu haqda Zarnew.uz xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 17−18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida qurilgan binoda kerakli shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Jumladan, «Situatsion markaz» to‘liq zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan, 900 terabayt hajmga ega 2 dona server xarid qilingan. Ayni paytda Samarqand shahrida mavjud 4 mingdan ortiq video kuzatuv kameralarining 1100 dan ziyodi geoinformatsion tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan.

Shuningdek, sodir etilgan jinoyatni issiq izidan ochish maqsadida profilaktik hisobda turgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilgan. Samarqand shahrining geoinformatsion xaritasi orqali har bir mahalladagi xonadonlar, ta’lim muassasalari va boshqa ob’ektlar, huquqbuzarlik va jinoyatchilik holati haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Markazda viloyat ichki ishlar boshqarmasining tegishli sohaviy xizmatlari xodimlarining doimiy navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi.

Tadbir ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan sharoit va xodimlarning ish faoliyati, Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasining kuch va vositalarni yagona geoinformatsion boshqarish tizimi bilan yaqindan tanishdi.

Marosim qatnashchilari Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma’muriy binosi hovlisida o‘rnatilgan Motamsaro ona haykali hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xizmatchilar yodgorlik lavhasi ochilishida ham ishtirok etib, safdoshlarini xotirladilar.