O‘zbekiston mudofaa vazirining tashabbusi bilan 27−28 aprel dam olish kunlari barcha harbiy okrug va harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan hashar aksiyasida faol ishtirok etdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.Xususan, Andijon viloyatida joylashgan harbiy qism xizmatchilari Jalaquduq tumanida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 99 yoshli Abduvali ota Usmonov xonadonini obodonlashtirishga ko‘maklashgan bo‘lsa, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi bir guruh harbiy xizmatchilar tumandagi Motamsaro ona haykali atrofini obod qilishdi.

Shu bilan birga, Toshkent shahridagi «Birodarlik qabristoni» majmuasi, Bekobod shahrida joylashgan Birodarlik kabristoni, Saxovat uyi va 15-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktabi, poytaxtdagi Mirzo Ulug‘bek tumaniga qarashli masjid va qabristonlar ham harbiy xizmatchilar tomonidan hashar yo‘li bilan tozalandi.