Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Xalqaro huquqiy yordam boshqarmasining sobiq haydovchisi Jamshid Abdurahmonovga nisbatan 2 yil sinov muddati bilan shartli 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Yanvar oxirida u Lacetti xizmat avtomobilida Vestminster universiteti xodimini urib yuborib, uning hayotiga zomin bo‘lgan edi.

Hodisa 24 yanvar kuni Shahrisabz va Istiqbol ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘ldi. 58 yoshli OTM hodimi piyodalar o‘tish yo‘lagida urib yuborilgan edi. Olgan tan jarohatlari natijasida u 29 yanvar kuni 1-sonli Respublika klinik shifoxonasida vafot etdi.

Oliy sud matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, Jamshid Abdurahmonov (1988 y. t.) ishi bo‘yicha sud majlisi 15 aprel kuni sudya Qahramon Mirsafoyev raisligi ostida bo‘lib o‘tgan.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, Jamshid Abdurahmonovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Jamshid Abdurahmonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanilib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi. Yuqoridagi moddaga ko‘ra, sud ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo‘natish, xizmat bo‘yicha cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazolarini tayinlash vaqtida sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsi va ishdagi boshqa holatlarni e’tiborga olib, aybdor tayinlangan jazoni o‘tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan qat’iy fikrga kelsa, shartli hukm qo‘llashi mumkin. Shartli hukm qilingan shaxslarning xulqi ustidan ichki ishlar organlari, harbiy xizmatchilar xulqi ustidan esa, harbiy qism yoki muassasaning qo‘mondonligi nazorat olib boradi.

Qud hukm chiqarishda ayblanuvchining aybiga to‘liq iqrorligi, chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagan hisoblanishi, moddiy va ma’naviy zarar to‘liq qoplagani, jabrlanuvchining unga nisbatan da’vosi yo‘qligi va boshqqa holatlarni hisobga oldi.