27 aprel kuni Toshkent hokimiyatida shaxsiy qurilishlar sifatida rasmiylashtirilgan ko‘p qavatli uylar qurilishi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy hokimiyat faoliyatidan jabrlanuvchi sifatida investor Muhammadbobur Xodjayev va xususiy quruvchi Aziz Zokirov hamda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, uning o‘rinbosarlari, Artel kompaniyasi xodimlari, jurnalistlar va boshqalar ishtirok etdi.

Muhammadbobur Xodjayev va Aziz Zokirov hokim bilan yakkama-yakka uchrashuv bo‘lishini kutgan, yig‘ilganlar, ayniqsa jurnalistlarni ko‘rib hayron qolishdi. Hokim bu haqda tadbirkorlarni ogohlantirish kerakligini, biroq har qanday holatda ham, ular uchrashuvga tayyor holda kelishlari lozimligini ta’kidladi. Shahar ma’muriyati rahbari Muhammadbobur Xodjayevning bunga qadar OAVda turli ayblovlar bilan chiqishlar qilgani va yakkama-yakka uchrashuv taklif etmaganini tilga oldi.

Uchrashuv videosi

YouTube orqali ko‘rish

Jahongir Ortiqxo‘jayev dastlab tadbirkorlar so‘zlashi, so‘ngra o‘z gaplarini aytishini taklif qildi.

Tadbirkorlar

Muhammadbobur Xodjayev u Mirzo Ulug‘bek tumanida shahar militsiya bo‘limini qurganini, so‘ngra bosh vazir Abdulla Aripovning og‘zaki topshirig‘i bilan uning Rishton ko‘chasida kam ta’minlanganlar uchun qurgan uch qavatli 106-uyini buzishganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyat unga va uning faoliyatiga qarshi «katta kuchlar"ni yo‘nalirgan. Ular qurilgan uylarni buzish bo‘yicha sudga da’vo kiritgan, shuningdek «axborot urishi"ni boshlagan.

«Farq shundaki, odamlar bizdan uy sotib oldi, chunki ularning narxlari barchani qoniqtirgan. Biz xaridorlardan intervyu oldik, ular mamnun. Biroq ommaviy axborot vositalari, hokimiyat odamlari borib, menga va quruvchilarga qarshi yomon narsalarni aytishlari uchun maxsus odamlar bilan suhbatlashmoqda».

Hokim bularning barchasining ortida kim turgani va kim bosim o‘tkazgani haqida savol berdi. Mahammadbobur Xodjayev esa unga albatta ro‘yxatni berishini, biroq hozircha buni qilishga tayyor emasligini, chunki hokimiyatga mojaro emas, balki murosa uchun kelganini ta’kidladi.

«Bizning uylarda kamchiliklar bor, uylarimiz mukammal yoki muhtasham deb ayta olmayman… Kvadraturasi kichik bo‘lishi mumkin, oshxonasi balki kichikdir… ba’zi uylar tor qurilgan, ayrimlari mukammal, hech qanday kamchiliklarsiz qurilgan», — dedi investor.

Muhammadbobur Xodjayev hokimiyat bilan murosaga kelish va ushbu masalani uzil-kesil hal etish, mojaroga barham berishni xohlashishini ma’lum qildi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, u bugungi kungacha na biznes-ombudsman, na shahar hokimiyati, na O‘zbekiston Bosh prokuraturasi unga murojaat qilmagani va yordam taklif etmagani uchun ushbu muammo yuzasidan xalqaro hamjamiyatga yuzlanishga majbur bo‘lgan.

Hokimiyat vakili tadbirkordan uning o‘zi O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan-qilmaganini so‘radi. «Men murojaat qilmadim, chunki ular qanday ishlashini, umuman bu tizim qandayligi bilaman», — deya javob berdi Muhammadbobur Xodjayev.

Hokimiyatga e’tirozlari haqida so‘zlar ekan, investor 1,35 mln dollar miqdorida yetkazilgan zarar qoplanishini so‘radi. Hokim yetkazilgan zarar nimalardan iborat ekani bilan qiziqdi. «Qurilish materiallari, ishchilar oyligi, shahar militsiya bo‘limi qurilishi xarajatlari hamda [Rishton ko‘chasidagi] binoning buzilishi», — deya javob berdi tadbirkor.

Jahongir Ortiqxo‘jayev avvaliga mablag‘ning 600 ming dollarni tashkil etganini eslatdi. Aziz Zokirov esa 600 ming dollarni Muhammadbobur Xodjayev kiritgani, yana 200 ming dollar garov sifatida Real House kompaniyasidan olinganini ma’lum qildi.

Hokim ikki marta quruvchi qaysi valyutada — dollar yoki so‘mda pul olgani haqida so‘radi. «So‘mda», — deya aniqlik kiritdi Aziz Zokirov.

Hokim

Tadbirkorlar so‘z olganidan so‘ng Jahongir Ortiqxo‘jayev savol berishga o‘tib, aniq va lo‘nda javob berishlarini so‘radi.

«Birinchi o‘rinda, o‘zim tadbirkorman va tadbirkor bo‘lish qanchalik og‘ir ekanini bilaman, shuning uchun ularni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman. Biroq tadbirkor tadbirli bo‘lishi kerak. Tadbirkor tadbirini olib tadbirkorlik qiladi, ya’ni ko‘r-ko‘rona bu ish bilan shug‘ullanib bo‘lmaydi. Halol, yaxshi niyatli tadbirkor bor, lekin tadbirkorlik niqobi ostida ko‘p ishlarni qiladiganlar ham bor. Hammani ham himoya qila olmayman. Men halol, soliq to‘lovchi, qonunga rioya qiluvchi tadbirkorni har doim himoya qilishga tayyorman. Bu prezidentimizning siyosati, mening ham vazifam», — dedi shahar hokimi.

Hokim tadbirkorlardan Mirzo Ulug‘bek tumanida shahar militsiya bo‘limini qurishga kim majburlaganini va qaysi maqsadda qurib berishganini so‘radi.

Muhammadbobur Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumani xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasining sobiq raisi Elshon Azizov tuman hokimi nomidan kelib, undan shahar militsiya bo‘limini qurishni va hududini obodonlashtirib berishni talab qiladi, aks holda uylarni buzishga sudga da’vo kiritilishini aytadi.

«Biz: o‘ylab ko‘rishga vaqt bering, dedik. Bizga vaqt yo‘qligini aytishdi. Biz suhbatlashib olguncha uylarni buzish to‘g‘risidagi da’vo keldi. Biz shahar militsiya bo‘limini qurib beramiz, nima bo‘lganda ham mahallamiz uchunku, dedik. Men buning fantastik ravishda ishlashidan hayron qoldim», — dedi u.

Investor hech qayerga shikoyat bilan murojaat qilmaganini tan oldi.

Hokim agarda investor smeta va qurilish ishlari to‘g‘risidagi shartnomalarni taqdim etsa, davlat shahar militsiya bo‘limi qurilgani uchun tovon pulini to‘lashi kerakligini ma’lum qildi.

Tomonlar shahar militsiya bo‘limi qaysi maqsadlarda — majburlikdanmi, homiylik doirasidami yoki tuman hokimligiga tadbirkorlik yordami ko‘rinishidami — qurilganini aniqlashga uzoq harakat qildi. Tadbirkorlar tomonidan har uch maqsad ham tilga olindi, ammo Jahongir Ortiqxo‘jayev bir necha marta aniqlashtirishni so‘radi — homiylikmi yoki tadbirkorlik.

«Tadbirkor o‘rniga nimadir olish uchun quradi. Bu tadbirkorlik. Homiy beg‘araz yordam qiladi. Tadbirkorlik bilan homiylikni adashtiraslik kerak», — dedi shahar hokimi.

Investor va quruvchi «kelishib ishlash» evaziga tadbirkorlik yordami ko‘rsatilgan, degan to‘xtamga keldi.

Shundan so‘ng hokim tadbirkorlardan Rishton ko‘chasidagi qariyb qurib tugatilgan uch qavatli 106-uyni Mirzo Ulug‘bek hokimiyati buzganiga ishonchi komil ekanini so‘radi.

«Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyati keldi, siz (Jahongir Ortiqxo‘jayev — tahr.) keldingiz va bosh vazir (Abdulla Aripov — tahr.) keldi. Buzishda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi ham bor edi. U bilan suhbatlashganimizda, sizning topshirig‘ingiz bilan buzilayotganini aytdi», — dedi investor.

Jahongir Ortiqxo‘jayev: «Demak, men uyni sud qarorisiz buzishni aytganman?» — deya savol berdi. Muhammadbobur Xodjayev xuddi shunday bo‘lganini aytib, o‘sha kuni u yerda hokimni ko‘rganini qayd etdi.

Quruvchi Aziz Zokirov aniqlik kiritib, hokim ob’ektning ichki qismini buzishga topshiriq berganini ta’kidladi. Jahongir Ortiqxo‘jayev qurilishda yong‘in xavfsizligi me’yorlari buzilganini esga olib, eskiz loyiha bilan qurilgan uy bir-biriga mos kelmasligini ko‘rsatib o‘tdi.

«Siz o‘rtaga uy qurgansiz, u yerdan o‘t o‘chirish mashinasi o‘ta olmaydi. Agar yong‘in sodir bo‘lsa, odamlarning umriga ziyon keltirishi mumkin. Men binoning bir qismini buzishni aytdim. Siz qanday bino qurilishiga ruxsat olgansizu nima qurgansiz?» — so‘radi u.

Aziz Zokirov ob’ektni qurishda loyihaga o‘zgartishlar kiritilganini ma’lum qildi.

Muhammadbobur Xodjayev tuman hokimi boshchiligida uyning buzilishiga qarshilik ko‘rsata olmaganini uning hududiga kirishga shahar militsiya bo‘limi xodimlari yo‘l qo‘ymagani bilan izohladi.

Shundan so‘ng hokim Muhammadbobur Xodjayevga savol berishni boshladi. Undan «siz aniq investormisiz», deb so‘radi va kimdir uni ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishga va OAVga bayonot bilan chiqishga majburlamagani bilan qiziqdi.

«2016 yilda men Ravshan Zokirov bilan tanishdim va u bilan birga ishlashni boshladim. Unga muayyan miqdorda pul berdim va biz aylanma mablag‘dan pul tikishda davom etdik. Biznes, investitsiya — bularning barchasi mening pullarim», — deya javob berdi investor.

Javobgarlikni kim zimmasiga oladi?

Hokim Muhammadbobur Xodjayevdan uy qurilishi bilan bog‘liq barcha muammolarni zimmasiga olish va moddiy zararlarni qoplashga tayyorligini so‘radi. Investor muammolarni sanab o‘tishni so‘radi. Hokim uning savoliga javob bermasdan, qurilgan binolar sifati uchun javobgarlikni zimmasiga olishini so‘radi. Tadbirkor esa ayrim kamchiliklar borligini tan oldi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev uylarning qurilish-texnik ekspertizasi, ularning xavfsizlik standartlariga javob berishini baholash uchun xalqaro ekspertizani jalb qilishni taklif etdi.

«Siz uylaringizda kvartiralar maydonining kichikligi haqida gapirayapsiz, biroq boshqa me’yorlar ham bor — yong‘in xavfsizligi, SES, zilzila. Masalan, tez tibbiy yordam ishchilari uchun uchinchi qavatga ko‘tarilib, homilador ayol yoki bemor odamni pastga mashinaga olib tushish uchun sharoit bormi? Siz tekshiruv va xulosa olishga tayyormisiz?» — so‘radi u.

Toshkent ma’muriyati rahbari tadbirkorlarning o‘zlari hokimiyat hisobidan ekspertlarni tanlashlari mumkinligini qo‘shimcha qildi. Agarda mutaxassislar bino me’yorlarga javob bermasligi to‘g‘risida xulosa bersa, ushbu uylarda yashayotgan odamlarga yetkazilgan zararni investor va quruvchi qoplaydi. Ular avvaliga rozi bo‘ldi, biroq keyin investor hokimiyat hammasini uning yelkasiga yuklashga harakat qilayotganini ta’kidladi. U uy sud qarorisiz buzilganidan keyin javobgarlikni olishni mo‘ljallamayotganini ma’lum qildi.

Toshkent hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov tadbirkor tomonidan ko‘p qavatli uylarni qurishda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar ro‘yxatini keltirib o‘tdi. Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi ruxsatnomasi, topografik xaritaga yer uchastkasini joylashtirish rejasi, kelishilgan va tasdiqlangan bosh reja loyihasi, uy qurilishi bo‘yicha ishchi loyiha, ekspertiza va boshqalarning yo‘qligi shular jumlasidan.

Muhammadbobur Xodjayev bu yakka tartibdagi qurilish ekani, bunday uylarni qurishga sanab o‘tilgan talablar taalluqli emasligini ma’lum qildi.

Hokimiyat kam ta’minlanganlar uchun uylarni qanday sotib olgani

Jahongir Ortiqxo‘jayev quruvchilar Muhammadbobur Xodjayevning hamkorlari — Aziz va Ravshan Zokirovdan kam ta’minlanganlar uchun uylar qanday sotib olinganini so‘zlab berdi.

«Men hokim bo‘lganimda, Chilonzor tumanidagi 100 nafardan ziyod yetimlar yashayotgan yotoqxonaga bordim. Ularning haqiqatdan ham og‘ir sharoitlarda yashayotganini ko‘rdim va 40 kunda ularni uy bilan ta’minlashga va’da berdim. Biroq hokimiyatda deyarli mablag‘ qolmagan edi. Bor-yo‘g‘i 2 mlrd so‘m bor edi», — dedi u.

Hokim va’dasini bajarish uchun tadbirkorlarga, jumladan o‘zi avval ishlagan Akfa va Artel kompaniyalariga murojaat qilgan.

«Ular yordamga tayyorligini bildirishdi. Menga uylaringizning fotosuratlarini olib kelishdi, ular menga fotosuratda chiroyli ko‘rindi. Menga ularning arzonligini aytishdi. Men ushbu muammoni hal etishni so‘radim», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Uylarni sotib olishda ishtirok etgan savdo bo‘limi boshlig‘i Ramziddin Qo‘chqorov homiylik yordamini ko‘rsatish uchun quruvchilarga hokim emas, balki Artel va Akfa kompaniyalari nomidan murojaat qilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 4,8 mlrd so‘mga Avayxon va Qanot ko‘chalaridagi uylardan 37 ta kvartira sotib olgan.

Uning qayd etishicha, shartnomalarni rasmiylashtirishda to‘langan 4,8 mlrd so‘m o‘rniga hujjatda 200 mln so‘m ko‘rsatilgan. Ramziddin Qo‘chqorov Chorsu bozorida 4,8 mlrd so‘mni «ko‘cha narxi"da qariyb 500 ming dollarga ayirboshlaganini tan oldi.

«Shartnomalarda kvartiralar hajmidan kelib chiqib 2, 3, 4 mln ko‘rsatildi», — dedi u.

Quruvchi Aziz Zokirov kamroq pul ko‘rsatish tashabbusi kompaniyalar tomonidan ilgari surilganini qayd etdi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev mablag‘larni kassa apparatidan qanday aylantirib o‘tilganini so‘radi. Quruvchi esa ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgani uchun kassa apparatlari yo‘qligini ma’lum qildi.

Hokim Real House kompaniyasidan ham kam ta’minlanganlar uchun uylar sotib olishni so‘raganini esga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yordam berishga rozi bo‘lgan.

Hokimiyat tekshiruvi

Jahongir Ortiqxo‘jayev: «Kim oxirgi uch kunda uy sotib oldi?» deya savol berdi. Zalda bir erkak turdi va o‘zini tanishtirmasdan 25 ming dollarga uch xonali kvartira sotib olgani, biroq hujjatda 3 mln so‘m ko‘rsatilganini ma’lum qildi. Tadbirkorlar uning maqsadini bilish uchun atayin shunday yo‘l tutishganini ta’kidladi.

Hokim davom ettirib, investor 720 ta uy sotganini ma’lum qildi. U davlat byudjetiga soliqlar ko‘rinishida qancha pul tushishi bilan qiziqdi.

Toshkent hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherzod Xadjizadayev ham o‘z nutqini raqamlar bilan boshladi. Tadbirkorning xatiga ilova etar ekan, uning rahbarligi ostida 600 kishi ishlaganini, ular bilan mehnat shartnomasi tuzilishi kerakligini qayd etib o‘tdi.

«600 kishi ishlashi uchun rasmiy kompaniya ro‘yxatga olinishi kerak. Biz buni hali tekshiramiz. Agar shunday farq bo‘ladigan bo‘lsa, 400 ming dollarni 100 mln so‘m sifatida ko‘rsatayapsiz, siz shaxsiy uy sifatida sotgan taqdiringizda ham, deklaratsiyada butunlay boshqa mablag‘ chiqishi kerak edi. Buning ichiga kirishga bizning haqqimiz yo‘q albatta, lekin siz to‘lashingiz kerak bo‘lgan soliqlar bir necha milliard chiqishi kerak», — dedi hokimning birinchi o‘rinbosari.

Jahongir Ortiqxo‘jayev 720 uyni sotishdan taxminan 22,5 mlrd so‘mlik soliq to‘lanishi kerakligini ma’lum qildi.

«Men tadbirkorlarni himoya qilaman, men tadbirkorlarni yaxshi ko‘raman, lekin soliq to‘lovchi, qonunni sevuvchi tadbirkorlarni hurmat qilaman. 22,5 mlrd so‘m davlatga to‘lanmagan», — deya yuzlandi u investorga.

Artel va Akfa xodimlari.

Muhammadbobur Xodjayev hokimiyat o‘z huquqshunoslari va buxgalterlarini to‘plagani, u o‘z jamoasi bilan kelmaganini aytib, alohida uchrashishni taklif qildi.

Hokimiyat huquqshunosi Aleksey Xen oldi-sotdi shartnomasida kelishuv summasi kamaytirilganiga yana bir misol keltirdi. U quruvchilarning uylaridan biridan kvartira sotib olishni rasmiylashtirish uchun hujjatlar namunasini so‘raganda, uning so‘zlariga ko‘ra, turar joyning real narxi 32 ming dollarga baholangan, biroq shartnomada 3 mln so‘m ko‘rsatilgan.

«Biz tadbirkormiz, deb aytasiz. Tadbirkor soliq to‘lashi kerakmi? Tadbirkor ko‘chmas mulk bozorida qonuniy faoliyat olib borishi uchun yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kerakmi?» — deb so‘radi u.

Muhammadbobur Xodjayev u shaxsiy investor sifatida ishlashi va o‘z sheriklariga naqd shakldagi pullarni taklif etishini ta’kidladi.

Aleksey Xen Jinoyat kodeksiga murojaat qilib, bir necha moddalarni o‘qib berdi.

«Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash. Noqonuniy tadbirkorlik, pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat. Siz Akmal Saidovga (Inson huquqlari milliy markazi direktori — tahr.) xatingizda 600 kishi ishini yo‘qotganini yozgansiz. Ular bilan shartnomani qanday rasmiylashtirdingiz, ularni qanday yolladingiz? Agarda siz yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsangiz, faqat uch nafar ishchini yollash huquqiga egasiz», — dedi yurist.

Muhammadbobur Xodjayev mehnat shartnomasi xususiy shaklda tuzilganini ma’lum qildi. Aziz Zokirov esa 720 ta kvartirani sotish huquqiga ega ekan, chunki ular xususiy mulk ekanini ta’kidladi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Muhammadbobur Xodjayev internetda so‘nggi vaqtlardagi chiqishlariga unga zarar yetkazmaslik uchun izoh bermagani aytar ekan, bu hokimiyatni istaganicha bo‘xton qilish mumkinligini anglatmasligini ta’kidladi.

Investor buning haqorat emasligini va dalillarni taqdim etishga tayyor ekanini, biroq uning hozirda asosiy maqsadi hokimiyat bilan murosaga kelish ekanini ma’lum qildi.

«Men bu yerga sizdan ko‘mak olish uchun keldim. Yosh tadbirkor qandaydir kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin, biroq u keyinchalik to‘g‘ri qurishi uchun yordam kerak. Jahon hamjamiyati oldida sizni yoki hokimiyatni sharmanda qilish maqsadim yo‘q. Men shunchaki meni qo‘llab-quvvatlashlari, tushunishlari va yordam berishlarini istayman. Men bu yerga urishish uchun kelmadim», — dedi Muhammadbobur Xodjayev.

Poytaxt hokimi faqat halol, qonuniy ishlayotgan va soliqlarni to‘layotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Aziz Zokirov xatolarni to‘g‘rilashga va’da berdi.

Hokim Aziz Zokirovdan: «qonunlarni buzganigizni tan olasizmi?» — deb so‘radi. Quruvchi ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini tan oldi.

Jurnalistlarning savollari

Aziz va Ravshan Zokirovlar tomonidan qurilgan uylarning sifati to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, hokim ularning aksariyati talablarga javob bermasligini ma’lum qildi. «Haqiqatdan ham, agar ekspert kelsa, bu uylar buziladi», — dedi u.

Uchrashuvda Artel va Akfa kompaniyalari Toshkent hokimi nomidan harakat qilishi mumkinmi, degan savol ko‘tarildi. Jahongir Ortiqxo‘jayev kompaniyalar homiylik yordamlarini ko‘rsatishlari mumkinligini qayd etib o‘tdi. Boshqa ishlarda ular aralashish huquqiga ega emas, dedi u.

Artel va Akfa xodimlari Ramziddin Qo‘chqorov va Bahodir Hakimovdan nima uchun ular quruvchilardan kvartiralarni sotish olishda shartnomadagi qoidabuzarliklar to‘g‘risida ma’lum qilmaganlari so‘raldi.

«Bizning asosiy maqsadimiz homiylik yordamini ko‘rsatish va qisqa muddatlarda aholining muammolarini hal etish edi. Biz hujjat qismiga katta e’tibor qaratmadik», — dedi ular.

Bir yarim soatlik suhbatdan so‘ng tomonlar yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazdi, biroq ushbu uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lumot berilmadi.