Hukumatning 2019 yil 26 apreldagi qarori bilan Qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan boshoqli don ekinlari hosildorligi va yalpi hosilini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, tuman hokimi qarori bilan g‘alla yig‘imini tashkil etish hamda boshoqli don yalpi hosili va hosildorligini aniqlash maqsadida o‘rim-yig‘im otryadlari tuziladi.

Otryadga biriktirilgan g‘alla o‘rish kombayni yordamida o‘rilgan don alohida don tashish texnikasiga to‘kib to‘ldiriladi va don qabul qilish shahobchasiga yuboriladi, topshirilgan don miqdori don tashish texnikasini to‘ldirish uchun to‘kilgan bunker soniga bo‘linadi va o‘rtacha bir bunker don og‘irligi aniqlanadi. Yalpi hosil miqdori har bir qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan g‘alla ekilgan maydon to‘liq o‘rib olingandan so‘ng aniqlanadi.

G‘alla to‘liq o‘rib olinmaguncha kombaynlarning fermer dalasidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘rim-yig‘im boshlanishidan oldin 41 sentner va undan yuqori hosil to‘plash haqida xulosa berilgan korxonalarga dastlabki bosqichda topshirilgan don qiymatining 100 foizi miqdorida hisob-kitob qilinadi.

Qolgan korxonalar uchun esa 85 foizi miqdorida hisob-kitob qilinadi.

Hisob-kitob qilishda hosildorlik 41 sentner va undan yuqori bo‘lganda ustama, 40 sentnerdan kam bo‘lganida esa chegirma qo‘llaniladi.