Dushanbaga o‘tar kechasi Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan avtobus avariyasida 27 kishi jarohat oldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi. Avvalroq 7 kishining jarohat olgani xabar qilingan edi.

Yo‘l-transport hodisasi 1:44 da 4R20 avtomobil yo‘lining O‘rtachirchiq tumani hududidan o‘tgan 6- kilometrida sodir bo‘ldi. Shinasi yorilishi natijasida Buxorodan kelayotgan Mercedes-Benz avtobusi ag‘darilib ketgan.

Mashinada53 kishi, jumladan 3 nafar haydovchi bo‘lgan. FVV ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchilarning 37 nafari Parkent tumanidagi 31-maktabning o‘quvchilari, 3 nafari maktab o‘qituvchilari va 10 nafari ota-onalardan bo‘lgan.

Barcha jabrlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ulardan 19 nafariga ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan. Ikki jabrlanuvchi Nurafshon tibbiyot birlashmasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan keyin uyiga ruxsat berilgan.

Olti nafar jabrlanuvchi Toshkentdagi Respublika shoshilinch yordam ilmiy markaziga yetkazilgan. Ulardan ikki nafari — A. Qobilov (54 yosh) va R. Ma’murboyeva (2,5 yosh) — muvaffaqiyatli opratsiya qilingan. Ayni vaqtda ular o‘zini yaxshi his etmoqda, deya qayd etdi SSV.

Tibbiy xodimlar avtobusda bo‘lganlarning barchasining uylarida bo‘lib, tibbiy ko‘rik o‘tkazgan. Barcha bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligi nazorati ostida.