O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Markaziy Osiyoda muqobili bo‘lmagan Sport reabilitatsiya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur markaz yoshlarni erta davrdan fiziologik va psixologik imkoniyatlaridan kelib chiqib sport turlariga yo‘naltirish, sportchilarni tanlab olish va baholash bo‘yicha ishonchli tizimni joriy etish, qolaversa, sportni fan sifatida o‘rganish tizimini yaratish kabi vazifalarni bajaradi. Bundan tashqari Markazda jarohat olgan sportchilarning qayta tiklanishi uchun jahon talablariga javob beradigan sharoitlar yaratiladi.

Markaz tashkil etilishi bir necha bosqichda amalga oshirilib, dastlab sport reabilitatsiya, jismoniy tayyorgarlik, ommaviy salomatlikni nazorat qilish, yosh iqtidorlarni seleksiya qilish markazlari va o‘quv platformasi auditoriyasi yaratiladi. Keyingi bosqichlarda esa sportni fan sohasida rivojlantirishga qaratilgan bir qancha laboratoriyalar va ixtisoslashgan markazlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, markazda sportchilarning jismoniy va ruhiy holatini doimiy monitoring qiladigan tizim yo‘lga qo‘yilib, ularni musobaqalarga tez va sifatli tayyorlashga yordam ko‘rsatiladi.

Xabarda qayd etilishicha, vazirlik tomonidan bu borada rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalari tahlil qilinib, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari o‘rganildi.

Shu yilning fevral oyida ishchi tashrif bilan Xitoyda bo‘lgan vazirlik delegatsiyasi O‘zbekistonda Sport reabilitatsiya markazini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazib, xitoylik mutaxassislar tomonidan mamlakatdagi mavjud sharoit va imkoniyatlar o‘rganildi. Ikkala tomon ushbu markazni tashkil etish bo‘yicha hamkorlikda loyiha ishlab chiqdi.

26 aprel kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Xitoyning AVIC INTL kompaniyasi delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Sport reabilitatsiya markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Xorijiy loyiha injenering kompaniyasi vakillari Sport reabilitatsiya markazi vazifalari va imkoniyatlari haqida vazirlik mas’ullariga taqdimot o‘tkazdi.

Tadbirda shuningdek, markaz joylashadigan hudud masalasi ham muhokama qilinib, taklif etilgan inshootlar orasidan Chirchiq shahrida joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududi ancha qulay ekanligi ta’kidlandi.

Respublikaning to‘rtta hududida markaz filiallarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, AVIC INTL kompaniyasi 1979 yilda tashkil etilib, dunyodagi eng yirik 500 ta kompaniyasidan biri hisoblanadi. 65 ta davlatda 148 vakolatxonasi bo‘lgan kompaniyaning bir yillik mablag‘ aylanmasi 25 mlrd dollarni tashkil etadi.