22−26 aprel kunlari Gulistonda O‘zbekiston-Qozog‘iston qo‘shma demarkatsiya komissiyasida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari delegatsiyalarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Tadbir davomida O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasi demarkatsiyasining yakuniy hujjatlari loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishlar davom ettirildi.

Qozog‘iston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi mobaynida davlatlararo chegaraning ayrim uchastkalarida qo‘shma dala tekshiruvlari o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Toshkent va Jizzax viloyatlari hamda Qozog‘istonning Turkiston viloyati o‘rtasidagi davlat chegarasining ayrim uchastkalarida demarkatsiya chizig‘ini o‘tkazish bo‘yicha takliflar yuzasidan fikrlar almashildi.

Muzokaralar yakunlarida delegatsiya rahbarlari — O‘zbekiston Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari To‘lqin Abdullaev va Qozog‘iston TIVning maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Vyacheslav Gizzatov tegishli protokol imzoladi.

Uchrashuvlar jadvaliga binoan navbatdagi yig‘ilish Qozog‘iston hududida bo‘lib o‘tadi.