O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi “Suvsoz” suv ta’minoti korxonasining Toshkentda suv tariflari oshirilishi to‘g‘risidagi e’lonida “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilganini ma’lum qildi.

Avvalroq “Gazeta.uz” 25-aprel kuni “Suvsoz” o‘z saytida Toshkent hokimining 2-apreldagi qarorini ilova qilgan holda 24-apreldan ichimlik suvi va kanalizatsiya tariflari oshirilishi to‘g‘risida e’lon berganini yozgan edi.

Antimonopoliya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, “Suvsoz” tomonidan Toshkent shahrida ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmati tariflariga maxsus ustama haq miqdorini belgilash bo‘yicha o‘z veb-sayti orqali 25-aprelda iste’molchilarga e’lon berilgan. Shuni inobatga olib, amalga kiritiladigan yangi narx (tarif, maxsus ustama)larni mazkur e’lon berilgan sanadan o‘n besh kundan keyin, ya’ni 10 mayidan amalga kiritilishi lozimligi to‘g‘risida qo‘mita “Suvsoz"ga tegishli ko‘rsatma berilgan.

Qo‘mita ko‘rsatmasi “Suvsoz” DUK tomonidan bajarilmagan taqdirida, korxonaga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llanilishi bildiriladi, deyiladi xabarda.

“Suvsoz” maxsus ustama narxlari yuzasidan ommaviy axborot vositalarida e’lon berilmay, “Toshkent oqshomi” gazetasining 9-apreldagi sonida Toshkent hokimligining 2-apreldagi “Toshkent shahrida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflariga maxsus ustama haq miqdorini belgilash to‘g‘risida"gi qarori chop etilganini korxona tomonidan e’lon berilgan deb hisoblanilgan. Biroq Antimonopoliya qo‘mitasi maxsus ustama haqining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi hujjatning e’lon qilinishi tariflar oshirilishi to‘g‘risidagi e’lon deb hisoblanmasligini ma’lum qildi.

Qonunga muvofiq, tabiiy monopoliya sub’ektlari yangi narx (tarif)lar tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan ular kuchga kirishidan kamida o‘n besh kun avval ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishi lozim.